11 may kechga borib va 12 mayda Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida, 12 may kunning ikkinchi yarmida Buxoro va Navoiy viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi, shamolning tezligi sekundiga 15−20 m/s ga kuchayishi mumkin, deya xabar qildi O‘zgidromet matbuot xizmati. Shamol shiddat bilan esganda uning tezligi 23−28 metrgacha yetadi. Respublikaning qolgan hududida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Harorat 27−32 darajani tashkil qiladi.

13−14 may kunlari nam havo oqimi butun O‘zbekiston hududiga tarqaladi. Respublika bo‘yicha ayrim joylarga yomg‘ir, kuchli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. Shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha, shiddat bilan esganda 23−28 metrgacha kuchayishi mumkin.

13 mayda faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. 14 mayda Buxoro va Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Kavkaz hududidan kelayotgan sovuq front o‘tishi natijasida 13−14 may kunlari respublikamiz hududining katta qismida havo haroratining 18−23 darajagacha pasayishi kutilmoqda, bu may oyi uchun xos bo‘lgan me’yoriy haroratdan 8−10 darajaga pastdir.

15 may kuni O‘zbekiston hududida ob-havo asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Kunduzgi harorat 3−5 darajaga ko‘tariladi.