11 may kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi davomida Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati (YeIH) va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) o‘rtasidagi hamkorlikning farqi haqida fikr bildirdi.

2006 yilning yanvar oyida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga (YeIH) qo‘shilishi to‘g‘risida protokol imzolandi. 2008 yili oktyabr oyida mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov “ushbu davlatlararo birlashmaning samaradorligi bo‘yicha shubhalar mavjudligi tufayli” a’zolikni to‘xtatganini e’lon qilgandi. Rasmiy ravishda 2008 yil dekabr oyida YeIH bilan a’zolik to‘xtatildi.

11 may kuni senatorlar O‘zbekistonning YeOIIda “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etish taklifini ma’qullashdi.


Jamshid Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2006 yilda Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga (YeIH) a’zo bo‘lish va hozirgi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqqa (YeOII) kirish o‘rtasidagi “prinsipial farqi” haqida fikri bilan bo‘lishdi.

“Biz hozir birovdan qochib yoki birovga qarshi bu yerga [YeOII] a’zo bo‘lib kirayotganimiz yo‘q. Hozirda prezidentimiz olib borayotgan tashqi siyosat hamma bilan bir hil, yaxshi, konstruktiv aloqalarda bo‘lishdir”, — dedi u.


Ilhom Ne’matov

Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Ilhom Ne’matovning ta’kidlashicha, hozirda O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatida har bir qilayotgan ishi, birinchi navbatda, mamlakatning milliy manfaatlaridan kelib chiqib qaror qilinmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeOIIda qatnashish boshqa davlatlar bilan munosabatlarning yomonlashishiga olib kelmaydi.

“Biz suveren davlat sifatida har bir bosgan qadamimizga qarab G‘arb nima der ekan, Sharq nima der ekan deydigan bo‘lsak hech qanday natijaga erishmaymiz. Bu yana izolyatsiyaga olib keladi. Ko‘p yillar davomida izolyatsiyada bo‘ldik, buni berkitish kerak emas. Hozir izolyatsiyadan chiqdik desak ham bo‘ladi. Bu izolyatsiya bo‘lganda raqobat bo‘lmaydi, natija bo‘lmaydi va hech qanday bir rivojlanish bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bu [YeOII bilan hamkorlik qilish] to‘g‘ri (qaror) bo‘lyapti.”

TIV o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, YeOII a’zo-davlatlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston, Belorussiya, hammasi g‘arb davlatlari bilan aloqalarni hech qanday muammosiz rivojlantirib kelayapti. Ular “investitsiya olib kelishyapti, siyosiy va iqtisodiy aloqalar rivojlanayapti. Shuning uchun bu yerda xavfsirashga shubha yo‘q”, — deya ta’kidladi u.

“Oldin ham ushbu tashkilotda qatnashganmiz. 2005−2006 yildan boshlab 2008 yil noyabrigacha ishtirok etganmiz. O‘shandan biz tashkilotning qanday salbiy ta’sirlari bo‘lishi mumkinligini bilamiz. Shunga biz oldindan yo‘l xaritasini ishlab chiqdik”, — dedi Ilhom Ne’matov.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi rahbari xalqaro moliyaviy tashkilotlar (XVF, Jahon banki, OTB va boshqalar) bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi deya qo‘shimcha qildi. “Biz ulardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘radik”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.