O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 11 may kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi yalpi majlisda “Salomatlik” ordeni va “Sog‘lom turmush” medalini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonunlarni ma’qulladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu orden ikki darajadan iborat bo‘lib, I darajali “Salomatlik” ordeni bilan tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va aholi salomatligini mustahkamlash ishlariga munosib hissa qo‘shganlar taqdirlanadi. II darajali orden bilan esa aholi salomatligini muhofaza qilish, turli kasalliklarning barvaqt oldini olish va bartaraf etishda faol ishtirok etgan shaxslar mukofotlanadi.

“Sog‘lom turmush” medali esa aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni keng targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va badantarbiyani kundalik turmush tarziga aylantirib, jamoatchilikka shaxsiy namuna bo‘layotgan fuqarolar xizmatlarini e’tirof etish maqsadida ta’sis etilmoqda.

“Salomatlik” ordeni hamda “Sog‘lom turmush” medali bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin, deyiladi xabarda.