O‘zbekistonda tashkil etilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ hududiy bo‘linmalariga ega agentlik shaklida bo‘lib, mustaqil huquqni muhofaza qilish organi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Bu haqda bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev Senatning dushanba kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi yalpi majlisida ma’lum qildi.

Yangi tuzilmaga mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashni muvofiqlashtirish topshiriladi.

“Mazkur organ biror bir davlat idorasi, parlament, prezident huzurida emas, alohida bo‘ladi. Bu davlat boshqaruv organlari orasida o‘zini-o‘zi tiyib turish mexanizmi va sud mustaqilligi uchun ham kerak, deb o‘ylaymiz”, — deya qayd etdi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Agentlik oldidagi asosiy vazifalardan biri — korrupsion qonunbuzarliklarga olib boruvchi sharoitlarni doimiy tahlil qilish va korrupsion xatarlarni monitoring qilishdan iborat bo‘ladi. Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi bo‘yicha vakolatlarining yangi agentlikka berilishi kutilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashda ichki nazorat tizimini (komplayens-nazorat) takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqadi.

Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, yangi agentlikka tezkor qidiruv, tekshiruv va tergov vazifalarini yuklash masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Bunda Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmatining xuddi shunday vakolatlari saqlab qolinadi.

“Biz jinoiy huquq sub’ektlari chegaralarini belgilab olishni xohlaymiz. Ya’ni agentlik tekshiruv va tergov o‘tkazishda alohida sub’ektlar bilan ishlaydi. Qanday sub’ektlar? “Agentlik tezkor qidiruv ishlarini olib borishda parlament a’zolari, prezident administratsiyasi a’zolari, hukumat a’zolari, respublika darajasidagi xo‘jalik yurituvchi idora rahbarlari, bank rahbarlari, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari darajasidagi mansabdor shaxslar ishini o‘rganadi”, — dedi bosh prokuror.

“Biz maishiy korrupsiyadan elitar korrupsiyani o‘rganishga chiqishimiz kerak…Agarda biz yuqori darajaga ko‘tarilsak, [elitar korrupsiyani] bartaraf etamiz, pastdagi maishiy korrupsiya ham bo‘lmaydi”, — dedi u.

Nig‘matulla Yo‘ldoshev na Jinoyat kodeksida va na boshqa qonunlarda qaysi holatda korrupsiya, qaysi holatda oddiy qonun buzilishi holati ekani bo‘yicha aniq chegara yo‘qligini qo‘shimcha qildi. “Buni aniqlashning aniq chegarasi yo‘q”, — deya tan oldi bosh prokuror.

Agentlikka davlat xaridlari va byudjet xarajatlari sohasidagi korrupsion qonunbuzarliklar monitoringini yuritish topshiriladi.

“Eng asosiysi -davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiya qilish tizimini joriy etish ishlari agentlik zimmasiga yuklatiladi”, — deya qayd etdi bosh prokuror.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agentlik faoliyati prokuror nazorati ostida bo‘ladi.

“Chunki amaldagi qonunlarda tergov, tergov oldi tekshiruvi, tezkor qidiruv ishlari ustidan nazorat bevosita prokuratura zimmasiga yuklatilgan. Hech bir idorani kamsitmagan holda, har bir idora ustidan prokuratura qanday nazorat olib borsa, bularning ustidan ham shunday nazorat bo‘lishi belgilangan”, — deya ta’kidladi u.

Hujjat loyihasi Prezident administratsiyasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Yanvarda prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish organini tashkil etishni taklif qilgan edi. U mazkur organ nafaqat poraxo‘rlikka qarshi kurashish, balki uning oldini olish bilan ham shug‘ullanishi kerakligini ta’kidlagan edi.

Davlat rahbari ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etiladigan yangi tuzilmaning afaqat bu borada davlat siyosatini amalga oshirishi va muvofiqlashtirishi, balki korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha kuch va vositalarga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.