O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston bosh vaziri Askar Mamin Turkiston viloyatining Maqtaaral tumani Mirzakent posyolkasida uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar berdi Qozog‘iston hukumati rahbari matbuot xizmati.Hukumatlar rahbarlari Maqtaaral tumaning suv bosgan hududlarini, shuningdek, Janajol qishloq okrugining Nurlijol, Orgebas va Firdousi qishloqlariga tashrif buyurib, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarning borishi bilan tanishdi.

Avariya-qutqaruv va kechiktirib bo‘lmas ishlarda 1300 dan ziyod kishi va 220 dona texnika, jumladan, O‘zbekistondan 200 nafardan ziyod mutaxassis va 100 taga yaqin o‘t o‘chirish mashinalari, ekskvatorlar, traktorlar, suv nasoslari hamda boshqa texnik vositalar faoliyat ko‘rsatmoqda, deyiladi xabarda.

Maqtaaral tumani ma’muriy markazi — Mirzakent posyolkasida — bosh vazirlar yangi mikrorayion qurilishi rejasi bilan tanishib, mahalliy aholi bilan uchrashdi va birinchi uylarning poydevorini quyish marosimida qatnashdi.

Mirzakent posyolkasida Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi natijasida yuzaga kelgan suv toshqinidan jabrlangan Jenis, Janaturmis va Dostik aholi punktlarida yashagan 500 ta oila uchun yakka turar joylar, maktablar, bolalar bog‘chasi va feldsherlik punktlarini qurish rejalashtirilmoqda.

Abdulla Aripov va Askar Mamin Firdousi qishlog‘ida vayron bo‘lgan uylarni qayta tiklash ishlarining borishini ko‘zdan kechirib, mahalliy aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

5 may holatiga ko‘ra, Maqtaaral tumanida 845 ta uy suv ostida qoldi, 30 mingdan ortiq fuqaro evakuatsiya qilindi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 7639 ga ekin maydonini suv bosgan. Aniq zarar miqdori keyinroq e’lon qilinadi, deya xabar berdi viloyat hokimligi.