Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 may kuni G‘alabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida O‘zbekiston xalqining urushdagi ishtiroki to‘g‘risida yangi ma’lumotlarni oshkor qildi.

“Men avvalgi chiqishlarimda el-yurtimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan hissasi hali to‘liq o‘rganilmagani haqida gapirib, jamoatchiligimiz e’tiborini shu masalaga qaratgan edim. Bugun mamnuniyat bilan aytmoqchimanki, keyingi yillarda ushbu yo‘nalishda juda katta ishlarni amalga oshirdik”, — dedi u.

“Avvalo, ilgari yopiq bo‘lgan arxiv hujjatlarini, ilmiy jamoatchilik uchun ma’lum bo‘lmagan materiallarni o‘rganish uchun imkoniyat yaratildi. Bu borada sobiq Ittifoq respublikalari va chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar va fondlar, tarixchi olimlar va mutaxassislar, keng jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaytirildi. Ana shunday ilmiy izlanishlar natijasida xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki haqida, qahramon ajdodlarimiz haqida juda muhim yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldik”, — deya ma’lum qildi davlat rahbari.

“Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganishda tom ma’noda yangi davr boshlandi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. Masalan, shu vaqtga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanar edi. Yangi topilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan”, — dedi prezident.

“Ayovsiz janglarda mardona qatnashgan qariyb 451 ming nafar yurtdoshimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar mobaynida e’tibordan chetda qolib kelganini albatta adolatdan, deb bo‘lmaydi”, — deya qayd etdi u.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha davrda “quloq” sifatida boshqa o‘lkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ham harakatdagi armiyaga safarbar etilgani ma’lum bo‘ldi.

“Ilgari 396 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi urushda halok bo‘lgan, deb aytilardi. Aslida bu raqam 538 mingdan ziyod bo‘lgan. Bundan tashqari, frontda bedarak yo‘qolganlar haqidagi ma’lumotlar ham to‘liq emasdi. Hozirgi vaqtda 158 mingdan ko‘proq hamyurtimiz urushda bedarak ketgani aniqlandi”, — dedi u.

“Olib borilgan ilmiy izlanishlar tufayli jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan O‘zbekiston vakillarining soni bo‘yicha ham oydinlik kiritildi. Shu paytga qadar bu ko‘rsatkich 120 ming nafar deb qayd etilardi. Yangi ma’lumotlarga asosan 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi. Jumladan, ilgari 280 nafar deb hisoblab kelingan o‘zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlarining soni 301 ta ekani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi Slava ordeniga sazovor bo‘lgani hujjatlar orqali o‘z tasdig‘ini topdi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston xalqi jang maydonlariga katta miqdorda qurol-yarog‘, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berdi. Respublikadagi 300 ga yaqin korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan O‘zbekistonga 151 ta zavod ko‘chirib keltirildi va g‘oyat qisqa fursatda ishga tushirildi.

“Yangi aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, urush o‘chog‘iga aylangan o‘lkalardan O‘zbekistonga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilindi. Xalqimiz bu odamlarning barchasiga chinakam mehr va e’tibor ko‘rsatdi, so‘nggi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rib, yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyon etdi”, — dedi davlat rahbari.