Rossiyalik tadbirkor, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov Sirdaryo viloyatidagi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam uchun 10 mln dollar taqdim etdi. U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yozgan xatida bu haqda ma’lum qildi.

“Bolaligim va yoshlik yillarim o‘tgan ona yurtimdagi aka-ukalarim va opa-singillarim bilan hozirgi epidemiologik qiyinchiliklarga sherik bo‘lar ekanman, Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan fojia haqidagi xabarni, shuningdek, uni odamlarimiz munosib va mardona qabul qilganligini qalbimda og‘riq bilan his qildim”, — deyiladi xatda.

“Muqaddas Ramazon oyida Ollohning o‘zi meni Vatanimga chorladi, zero bu davrda biz yordamga muhtoj odamlarga alohida g‘amxo‘rlik qilishimiz va ko‘mak berishimiz kerak. Biz quvonchli damlarda ham, boshga g‘am-tashvish tushganda ham, bir-birmizni yelkama-yelka turib qo‘llab-quvvatlaymiz. Men xalqimizning taqdiriga befarq qarab tura olmayman va shu sababli suv toshqinidan jabrlanganlar turmushini tiklash va yaxshilash, talafot oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etishga yordam ko‘rsatish uchun 10 million dollar berayapman”, — deya qayd etdi u.

Alisher Usmonov, shuningdek, suv toshqini natijasida evakuatsiya qilingan Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maqtaaral tumanidagi 30,42 ming kishiga yordam uchun 5,202 mln dollar o‘tkazib berdi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu mablag‘lar 5202 ta jabrlangan oila hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.

Aprelda Alisher Usmonov O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashishda yordamlashish uchun “O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” Jamoat fondiga 20 mln dollarlik ulush qo‘shgan edi.