Ijtimoiy tarmoqlarda internet sifati pastligi sababli o‘z uyining tomida o‘tirib onlayn dars o‘tayotgan o‘qituvchi videosi tarqaldi.

Video muallifi narvon orqali uy tomiga ko‘tarilib, soyabon tutib olib noutbuk va darsliklarni oldida dars o‘tayotgan ayolni ko‘rsatadi.

“Internet yaxshi, lekin ertalabdan kechgacha tomda o‘tirib ham bo‘lmaydi-da. Dars o‘tayapman… Internet bunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, men kasal bo‘lib qolaman. Ertalabdan kechgacha mana shu yerda o‘tirsam”, — deydi o‘qituvchi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi “Gazeta.uz"ga o‘qituvchining Farg‘ona viloyati Yo‘ldoshobod shahar posyolkasi “Navro‘z” mahallasida, Marg‘ilon shahridan 15 km masofada yashashini ma’lum qildi.

Hozirda biz Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan ishlamoqdamiz. Bilamiz, o‘qituvchi Farg‘ona viloyatidan. Aniq joyini aniqlaganidan so‘ng AKT vazirligi vaziyatni o‘rganib, internet bilan bog‘liq muammoni bartaraf etishga yordamlashadi", — deya xabar qildi XTV.

Vazirlik o‘qituvchiga o‘z ishiga sadoqati uchun minnatdorchilik ham bildirdi: “Qiyinchilikka qaramasdan, u ishlashda va bolalarga dars berishda davom etmoqda. U bizda fidoyi odamlar ishlashini ko‘rsatdi”.

Speedtest Global Index reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston mobil internet tezligi bo‘yicha 141 davlat ichida 133-o‘rinni egallab turibdi.

Mamlakatdagi barcha maktabgacha, o‘rta va oliy ta’lim muassasalari 16 martdan boshlab koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida yopildi. 30 martdan maktab o‘quvchilariga onlayn darslar yo‘lga qo‘yildi, darslarni televideniye va internet orqali ko‘rish mumkin.