Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida Captiva va T-28 traktori ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasida bir o‘smir hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.

Hodisa 03 may kuni soat 16:30 da Qumqo‘rg‘on tumani Arslonboyli mahallasi hududidan o‘tuvchi 4K-596 avtomobil yo‘lining 4-kilometrida sodir bo‘ldi. 73 yoshli B.Sh. Captiva avtoulovi bilan harakatlanib kelayotganida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan 34 yoshli fuqaro A.J. boshqaruvidagi traktor bilan to‘qnashgan.


Oqibatda traktor yo‘lovchisi, 7-sinf o‘quvchisi 13 yoshli Sh. J. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 7 may kuni shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.