8 may kuni AOKA shtabida bo‘lib o‘tgan brifingida Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi toshqin oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni taqdim etdi.

FVV matbuot kotibi bergan ma’lumotga ko‘ra, Sardoba suv ombori to‘g‘oni buzilishi va uning oqibatida sodir bo‘lgan suv toshqinida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarining jami 32 381 ga maydonlari talofat ko‘rgan. Toshqin suvlari ushbu tumanlarning 10 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari (23 ta aholi punktlari) hududlaridagi 4 711ta turar va 277 ta noturar joy ob’ektlariga hamda 30 718 ga ekin maydonlariga zarar yetkazgan.

Sirdaryo viloyatining suv bosgan hududlarida favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya tomonidan 17000 nafarga yaqin shaxsiy tarkib, 2500 dan ortiq texnika, 300 ga yaqin motopompa yordamida toshqin oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, suv toshqini oqibatida nobud bo‘lgan chorva va uy xayvonlarini yig‘ish va zararsizlantirish tadbirlari jami 2624 bosh nobud bo‘lgan hayvonlarning jasadlari ko‘mish yo‘li bilan zararsizlanitirilgani ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, talofat ko‘rgan hududlarda hamda viloyat bo‘yicha 12 485 ta turar joylarda, 748 ta savdo shahobchalarida, 304 ta ma’muriy binolarda, 31 ta bozorlarda, 540 ta ko‘chalarda jami bo‘lib, 241 1999 m² maydonda dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazildi.

Ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida, talofat ko‘rgan tumanlardan, 37 nafar ishchi-xodimlar va 81 ta texnika yordamida 6086 tonna chiqindi va 13 624 tonna toshqin suvlari olib chiqib ketildi.

Shu bilan birga, talofat ko‘rgan tumanlar hududidan o‘tgan kanal va zovurlarning suv o‘tkazish qobiliyatini yaxshilash maqsadida, markaziy tarmoq kanali muhofaza mintaqasi 3 700 p/m masofada 1220 m³ tuproq ishlari bajarilib, 1500 p/m qismi tiklandi va 200 metr qismidagi talofat yetgan temir-beton plitalar demontaj qilindi.

Shuningdek, mobil kompaniyalari tomonidan tumanlardagi aloqa tarmoqlariga qarashli 14 ta baza stansiyalarining faoliyati tiklandi.

Toshqindan talofat ko‘rgan jami 2455 ta kadastr hujjatlarining nushalari ham (dublikat) tayyorlangani haqida FVV matbuot kotibi ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 6 may kuni Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori bilan bog‘liq favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Qozog‘istondagi Turkiston viloyatining favqulodda vaziyatdan zarar ko‘rgan hududlarida bo‘ldi.

Ayni vaqtda Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maxtaaral ovulida O‘zbekiston tarafidan 320 nafar shaxsiy tarkib, 169 ta qishloq xo‘jaligi, muhandislik va yong‘in-qutqaruv texnikalari hamda 100 dan ortiq motopompa yordamida favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Sirdaryo viloyatida yuzaga kelgan favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari O‘zbekiston prezidenti tomonidan qat’iy nazoratga olingan, deyiladi xabarda.