Milliy gvardiya Sirdaryo viloyatidagi suv toshqini vaqtida qutqaruv-evakuatsiya ishlarida ishtirok etib, suv oqizib ketgan uch nafar harbiy xizmatchi to‘g‘risida qo‘shimcha axborot berdi.

Juma kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Milliy gvardiyaning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘limi boshlig‘i To‘lqin Qodirov Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi natijasida yuzaga kelgan suv oqimlari Sirdaryo viloyatida joylashgan harbiy qism maxsus vazifalarni bajarish otryadi guruh komandiri Sanjar Ibragimov, maxsus vazifalarni bajarish otryadi guruh mutaxassisi, oddiy askar Xazrat Suyunov va jangovar komanda otryadi muhandis-sapyor guruhi mutaxassisi, uchinchi darajali serjant Xusniddin Suyarovni oqizib ketganini ma’lum qildi.

Xusniddin Suyarovning halok bo‘lgani haqida avvalroq xabar qilingan edi. Uning jasadi 3 may kuni taxminan 8:00 da Oqoltin tumani Ohillik qishlog‘i “Kichik Bobur” mahallasidan topilgan edi.

“Afsuski, oddiy askar Suyunovni qidirish ishlari hozircha natija bergani yo‘q”, — deya ma’lum qildi Milliy gvardiya vakili.

Kapitan Ibragimov esa hodisa joyidan 15 km uzoqlikda sog‘ holda topildi, dedi u.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev suv toshqinida to‘rt kishining halok bo‘lgani, bir kishi bedarak yo‘qolganini xabar qilgan edi.