7 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, har bir tumanda (shaharda) matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Bunda, mazkur ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilar tanlov asosida saralab olinadi va Institut va oliy ta’lim muassasalarining yuqori malakali professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda masofaviy ta’lim orqali dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish ko‘zda tutiladi.

2021 yil 1 yanvarga qadar Matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi. Unga ko‘ra, matematikani bilish darajasini baholash va bu to‘g‘risida milliy malaka sertifikatini berish Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi va mazkur sertifikatga ega abituriyent davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda matematika fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi va unga matematika fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.

Qarorga muvofiq, Davlat test markazi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar Milliy sertifikatlash tizimining onlayn platformasini ishlab chiqishi ham belgilangan.

Shuningdek, matematika sohasidagi fundamental va amaliy ilmiy izlanishlari natijalariga ko‘ra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlarni mukofotlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etiladi. Bunda, har bir yo‘nalish bo‘yicha Mukofot sovrindorlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 50 ming AQSH dollari ekvivalentidagi pul mukofoti berilishi ko‘zda tutilgan.