Matematika fanini bilish darajasi bo‘yicha Milliy sertifikatga ega abituriyent davlat OTMga kirishda matematika fani bo‘yicha testdan ozod qilinadi.

Oldinroq “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori e’lon qilingan edi.

Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 yanvarga qadar Matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi.

Milliy sertifikatlash tizimi doirasida matematikani bilish darajasini baholash va bu to‘g‘risida milliy malaka sertifikatini berish o‘rnatilgan tartibda Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda baholash tabaqalashtirilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.

Qarorga ko‘ra, imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega abituriyent davlat OTMga o‘qishga kirishda matematika fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi va unga matematika fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab Ixtisoslashtirilgan maktablarning matematika fani bo‘yicha o‘qituvchilari tegishli darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lishlari majburiy hisoblanadi.

Milliy sertifikatning tegishli darajasiga ega matematika fani o‘qituvchilariga (Ixtisoslashtirilgan maktablarning matematika fani o‘qituvchilaridan tashqari) ular faoliyat olib borayotgan davlat ta’lim muassasasining joylashuviga qarab bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 25 foizdan 50 foizgacha har oylik ustama haq to‘lanadi.