O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev karantin cheklovlari sharoitida ishlash va yashashni o‘rganish zarurligi haqida ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari 7 may kuni videoselektor yig‘ilishida so‘zladi.

8 maydan boshlab O‘zbekiston hududlarida karantinning uchta darajasidan biri — “qizil”, “sariq” yoki “yashil” ishlay boshlaydi. Koronavirus bilan kurashish bo‘yicha maxsus respublika komissiyasining qaroriga binoan, barcha hududlarda karantin darajasidan qat’i nazar, ijtimoiy masofani (2 metr) saqlash, yuz niqoblaridan foydalanish, ommaviy tadbirlarni taqiqlash va boshqa bir qator majburiy talablar va cheklovlar saqlanib qoladi.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, agarda qaysidir tuman yoki shahar rahbari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun karantinni tashkil etishda ochko ortidan quvsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar u bilan xayrlashishini ma’lum qildi.

“Takror va takror aytaman, jahonda, ayniqsa biz yaqin hamkorlik qiladigan davlatlarda pandemiya tobora kuchayib borayotganini, bu holat bizga ham katta xavf solishi mumkinligini aslo unutmasligimiz kerak. Shu sababli barchamizdan hushyorlikni yanada oshirish talab etiladi. Bu borada, faoliyatini umuman to‘xtatmagan korxonalarda ham, o‘z ishini qaytadan boshlashga ruxsat berilgan sohalarda ham virusga qarshi kurashish bo‘yicha cheklovlar so‘zsiz bajarilishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident juda katta kuch sarflab, ko‘p sa’y-harakatlar, xalqning ko‘magi va chuqur tushunishi, sabr-toqati bilan O‘zbekistonda bu ofatni jilovlab turilganini ta’kidladi.

“Biz shifoxonalarga e’tibor qaratyapmiz, Germaniya, Janubiy Koreyadan ko‘plab dorilar, shuningdek, mutaxassislarni olib kelyapmiz. Hozirgina [XXR raisi] Si Szinpin bilan Xitoydagi vaziyat va hamkorlik bo‘yicha suhbatlashdim. U: „Shifokorlar nima tavsiya qilmasinlar, [kasallikni] ushlab turishda ehtiyot bo‘lish kerak. Qattiq karantin choralarini ko‘ring va iqtisodiy tiklanish uchun kurashing“, — dedi”, — deya ma’lum qildi davlat rahbari.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Rossiya, Turkiya, BAA va boshqa davlatlarda qiyin vaziyatga tushib qolgan 11 ming fuqaroni qaytarishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgan edi.