7 may kuni Telegram asoschisi Pavel Durov o‘z kanalida IT-tadbirkorlar uchun AQSH eng yaxshi joy deb hisoblamasligi haqida yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masalada o‘z fikri bilan bo‘lishishga aprel oyining oxirida Yuriy Dud tomonidan suratga olingan Kremniy (Silikon) vodiysidagi hayot va ish tarzi to‘g‘risida filmi turtki bo‘lgan.

“So‘nggi 10 yil ichida men Amerikada bir necha bor bo‘lganman, u yerda kompaniyalar ochganman va yopganman ham, konferensiyalar, uchrashuvlar va loyihalarda qatnashganman. Men bir vaqtlar Kremniy vodiysiga ko‘chib o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqqandim, ammo oxirida boshqa g‘oyalar foydasiga undan voz kechdim”, deb yozadi Telegram asoschisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u Dud filmining ko‘plab qahramonlari bilan shaxsan tanish. Durov ular kamerada bo‘lishgan narsalar bilan shaxsiy suhbatlar chog‘ida ulashganlari o‘rtasidagi farqni payqagan.

“Men filmdagi tanish bo‘lgan barcha ishbilarmonlardan AQSHdagi hayotning salbiy taraflari haqida o‘zim bir necha bor eshitganman. Umuman olganda, film qahramonlari kamerada Amerikaning bitta xususiyatini yaqqol namoyish etishdi — o‘tkir burchaklardan qochish va faqat ijobiy tomonlarga urg‘u berish”, — ta’kidlaydi Durov.

Shu bois, Telegram asoschisi yangi avlod tadbirkorlarini o‘zlaridan oldingi odamlarning xatolarini takrorlashdan ogohlantirish uchun Amerikaning kamchiliklari haqida gapirishni o‘zining burchi, deb hisoblashini aytadi.

“Quyida Silikon vodiysiga ko‘chib o‘tmasmaslikning 7 sababi keltirilgan. Meni ushbu matnga ilhomlantirgan Yuriy Dudga va uning filmiga rahmat”, — deb yozadi Durov.

“Gazeta.uz” e’tiboringizga Telegram asoschisi Pavel Durov AQSHga ko‘chib o‘tmaslikning 7 sababi haqidagi fikrlaridan iqtibos taqdim etadi.

1. O‘ta politsiyalashgan davlat

Ozodlik mamlakati imidjiga qaramay, AQSH qattiq politsiya davlati bo‘lib, qamoqxonada bo‘lganlar soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Amerikadagi mahbuslar soni Finlyandiya, Germaniya yoki Niderlandiyaga nisbatan 10 baravar ko‘p.

Agar bu sizga ta’sir qilmaydi deb o‘ylasangiz, men bunga unchalik amin emasman: hech bo‘lmaganda filmdagi Silikon vodiysini reklama qilgan tadbirkorlardan biri AQSH huquq-tartibot idoralarining nohaq harakatlari va ular tomonidan tashkil etilgan kuzatuvdan aziyat chekkan. Aytganimdek, 2016 yilda San-Fransiskoga safarimiz chog‘ida biz, Telegram jamoasi, FQBning bosimiga (FBI — tahr.) duch kelganmiz.

2. Sog‘liqni saqlash tizimi juda qimmat

AQSH sog‘liqni saqlash tizimi samarasiz va qimmat, shuning uchun ko‘plab emigrantlar davolanish uchun Sharqiy Yevropaga uchib ketishadi — bu ularga arzonroq tushadi.

AQSH aholisi unchalik sog‘lom ham emas: rivojlangan davlatlar orasida semizlik bo‘yicha AQSH birinchi o‘rinda. Bunga sabablar yomon tartibga solingan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, past ovqatlanish madaniyati va stressdir.

3. Cheklangan madaniy hayot

Silikon vodiysi — madaniy hayoti cheklangan bir necha qishloqdan iborat. Eng yaqin shahar San-Fransisko, u metropoliya hisoblanmasa ham, ammo jinoyatchilik darajasi yuqori va u yerda ko‘p sonli uysizlar bor.

Mening sayohatlarim tarixida kun davomida shahar markazida menga hujum qilingan yagona joy bu San-Fransisko bo‘lgan.

4. Uncha yaxshi bo‘lmagan o‘rta ta’lim

AQSHdagi o‘rta ta’lim sifati boshqa rivojlangan davlatlarnikidan past. Maktablarda matematikani o‘qitish sifati bo‘yicha Amerika faqatgina 38-o‘rinni egallaydi (o‘rganilgan 79 mamlakatdan). Amerikaning taniqli universitetlarini himoya qiladigan dasturlash bo‘yicha jahon chempionatlarining barcha g‘oliblari Xitoy maktablarida tahsil olgan va AQSHga ko‘chib kelgan etnik xitoyliklardir. Shunga qaramay, AQSH ushbu musobaqalarda birinchi o‘rinlarni Xitoy yoki Rossiyaga qaraganda kamroq egallaydi.

5. Yuqori soliq

AQSH yuqori soliqlarga tortiladigan mamlakatdir va “muvaffaqiyatli” Kaliforniya aholisi o‘z daromadlarining yarmidan ko‘pini davlatga berishadi. Shu bilan birga, AQSH fuqarolari mamlakatdan chiqib ketganidan keyin ham daromad solig‘ini talab qilishni davom etadigan dunyodagi yagona davlat bo‘lib kelmoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining pasporti — dunyoning qayerida yashashingizdan qat’i nazar, har doim siz bilan birga bo‘ladigan iqtisodiy qullik.

Albatta, siz AQSH fuqaroligidan voz kechishga harakat qilishingiz mumkin, ammo — Oleg Tinkovning ayanchli misoli ko‘rsatganidek — bu har doim ham ish beravermaydi. Sharqiy Yevropada to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliqlar AQSHga qaraganda ancha past va BAA kabi mamlakatlarda ular mutlaqo nolga teng.

6. Rivojlanishning yuqori narxi

Silikon vodiysi nafaqat ko‘chmas mulk uchun, balki yuqori texnologiyali biznes uchun ham yuqori narxlar maskani. Emigrant tadbirkorlarning o‘zlari kamdan-kam hollarda Silikon vodiysi ishlab chiqaruvchilarini biror ishga yollashadi. Chunki mahalliy dasturchilar qimmat, erka va ko‘pincha g‘ayrioddiy takliflar va g‘oyalar oqimi tufayli o‘zining ishi bilan shug‘ullana olmaydilar.

Natijada, muhojirlar Sharqiy Yevropadagi dasturchilar va dizaynerlar bilan ishlashni afzal ko‘rishadi, ammo ular orasida 10 soatlik farq bo‘lgani tufayli ko‘pincha ularga qiyin bo‘ladi. Shu ma’noda, ish faoliyatini Sharqiy Yevropa yoki Hindistonga yaqin vaqt mintaqasidan olib borish osonroq.

7. XXI asr bozorining zaif istiqbollari

Amerika bozori — bu Internet aholisining atigi 4 foizini tashkil etadigan, qizib ketgan va o‘ta boshqaruvi ko‘p dunyo bozorining bir qismidir. Hatto 10 yoki 20 yil oldin ham, barcha global loyihalarni faqat Silikon vodiysidan boshlash mumkindek tuyulardi va bu asosli edi.

Shu payt AQSH eng katta yagona Internet bozorini taqdim etar edi, YouTubye va Instagram kabi barcha yangi loyihalarni u yerdan boshlash oson edi.

So‘nggi yillarda vaziyat o‘zgardi: ijtimoiy tarmoqlardagi eng katta muvaffaqiyatlar aynan Silikon vodiysidan tashqarida paydo bo‘lishni boshladi. Bunga 800 million foydalanuvchisi bo‘lgan TikTok yoki 400 million faol foydalanuvchiga ega Telegramni misol qilib keltirish mumkin.

O‘tgan hafta Hindistonning ta’lim bo‘yicha Byju kompaniyasining boshlang‘ich kapitallashuv darajasi 10 milliard dollarga yetdi.

Bu tabiy hol: bugungi kunda AQSH emas, Hindiston eng katta ochiq Internet bozoridir.

Telegramdagi hind foydalanuvchilarining ulushi boshqa davlatlarning foydalanuvchilaridan ko‘proq bo‘lishi ham tasodif emas. Bizning bosh ofisimiz dunyoning orqa tomonida emas, balki ushbu mamlakatga nisbatan yaqin joylashganidan mamnunmiz.

Xulosa

Amerika Qo‘shma Shtatlari IT biznesini yuritish yoki yashash uchun eng yaxshi joy emas. Ishonchim komilki, agar sizda tanlov bo‘lsa, Sharqiy Yevropani tark etishni istagan har bir kishi boshqa variantlarni albatta ko‘rib chiqishi kerak.

Shimoliy va Markaziy Yevropa mamlakatlarida inson huquqlari va erkinliklari ancha yaxshi himoya qilinadi va XXI asrda iqtisodiy o‘sish Osiyo mamlakatlarida bo‘lmoqda.

Amerika hanuzgacha arzon biznes pullari bilan dunyodagi ba’zi bir ishbilarmon va ishlab chiqaruvchilarni jalb qilishga qodir, ammo bugungi kunda AQSHga ko‘chib o‘tish bu xuddi aktivni uning eng yuqori qiymatidaligida sotib olishga o‘xshaydi, deya Pavel Durov o‘zining fikrlariga xulosa qiladi.