O‘zbekiston Markaziy banki 2020 yil yanvar-aprel oylarida Ichki valyuta bozori bo‘yicha qisqacha sharhni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, o‘tgan 4 oy mobaynida ichki valyuta bozoridagi holat barcha segmentlarda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif hajmining o‘sishi sharoitida shakllandi.

Ichki valyuta bozoridagi operatsiyalarning umumiy hajmi 5,4 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, 2018 va 2019 yillarning tegishli davrlariga nisbatan mos ravishda 1,8 va 1,3 barobarga o‘sdi.


Ichki valyuta bozori segmentlari kesimida chet el valyutasiga bo‘lgan talabning o‘zgarish dinamikasi

Kompaniyalar tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan talab

2020 yilning dastlabki 4 oyi davomida yuridik shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan talabi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 barobarga o‘sib, 4,2 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi (2019 yil yanvar-aprel oylari — 3,9 mlrd AQSH doll.).

Mazkur davrda birjadan tashqari valyuta bozorida xo‘jalik sub’ektlari tomonidan 1 063 mln AQSH dollari miqdorida chet el valyutasi sotib olingan bo‘lsa (939 mln AQSH doll.), valyuta birjasidagi operatsiyalar hajmi 3,1 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi (2,8 mlrd AQSH doll.).


2020 yil yanvar-aprel oylarida birjadan tashqari valyuta bozoridagi operatsiyalar hajmi dinamikasi (banklarning yuridik shaxslar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri operatsiyalari)

Valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish maqsadlari tarkibida asosiy ulush (63 foizi) ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 22 foizi — xalq iste’moli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 12 foizi — xorijiy kreditlarni so‘ndirish, 1 foizi — xorijiy investorlar repatriatsiyasi va qolgan 2 foizi — boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.

2020 yilning yanvar-aprel oylari davomida chet el valyutasini sotib olish maqsadlari tarkibi

2020 yilning yanvar-aprel oylarida ichki valyuta bozorida chet el valyutasini xarid qilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning o‘rtacha oylik soni 6 183 tani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga (5 460 ta) nisbatan 723 taga ko‘paydi.

Jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan talab

Hisobot davrida jismoniy shaxslar tomonidan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali sotilgan chet el valyutasi miqdori 1,5 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, avvalgi yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobar oshdi (2019 yilning dastlabki to‘rt oyi — 884 mln AQSH doll.). Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan 1 166 mln AQSH dollari sotib olinib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga (346 mln AQSH doll.) nisbatan 3,4 barobar oshdi.

Shu bilan birga, joriy yilning aprel oyi so‘nggi o‘n kunligida jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan valyuta mablag‘larining kunlik o‘rtacha hajmi birinchi va ikkinchi dekadalardagi o‘rtacha kunlik hajmlarga nisbatan 2,5 barobar o‘sib, 9,6 mln AQSH dollarini tashkil etdi (birinchi va ikkinchi dekadalarda — 3,8 mln AQSH dollari).


2020 yil yanvar-aprel oylarida jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi

Joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valyuta mablag‘lari hajmi 1,3 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 161 mln AQSH dollariga yoki 11 foizga kamaydi.

Shuningdek, joriy yilning aprel oyi davomida xalqaro pul o‘tkazmalaridan jami 250 mln AQSH dollari kelib tushib, ushbu ko‘rsatkich mart oyiga nisbatan 15 foizga kamaydi. Bunda oyning oxirgi o‘n kunligida xalqaro pul o‘tkazmalarining o‘rtacha kunlik hajmi oyning birinchi va ikkinchi dekadalariga nisbatan 1,7 barobarga oshishi kuzatildi (6,7 mln AQSH dollardan 11,5 mln AQSH dollariga).

Chet el valyutasiga bo‘lgan taklif

2020 yil yanvar-aprel oylarida ichki valyuta bozorida xorijiy valyutadagi umumiy taklif hajmi 2,7 mlrd AQSH dollarini (Markaziy bankning intervensiyalarini hisobga olmagan holda) tashkil etib, 2019 yilning dastlabki to‘rt oyi ko‘rsatkichi darajasida bo‘ldi.

Hisobot davrida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan 1,71 mlrd AQSH dollari sotilib, ushbu ko‘rsatkich 2019 yilning mos davri darajasida bo‘ldi.


Ichki valyuta bozoridagi taklif manbalari

Markaziy bankning valyuta intervensiyalari

Ushbu davrda Markaziy bankning valyuta intervensiyalari oltin-valyuta zaxiralarining neytralligi prinsipiga asoslangan holda amalga oshirildi. Joriy yil boshidan Markaziy bank intervensiyalari hajmi 1,5 mlrd AQSH dollariga teng bo‘lib, mazkur davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan monetar oltin hajmi doirasida amalga oshirildi. Ushbu summaning uchdan bir qismi (507 mln AQSH dollari) aprel oyiga, summaning keskin devalvatsiyasi bo‘lgan paytiga to‘g‘ri keladi.


2019−2020 yillarning yanvar-aprel oylarida valyuta birjasida amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi

2020 yilning yanvar-aprel oylarida importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki valyuta bozorida sotib olingan mablag‘lar (konvertatsiya) ulushi 56 foizni, xorijiy valyutadagi o‘z mablag‘lari hisobiga importni moliyalashtirish ulushi 19 foizni tashkil etdi.

2019 yilning tegishli davrida ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 55 va 21 foizga teng bo‘lgan.


2019−2020 yillarning yanvar-aprel oylari davomida importni moliyalashtirish manbalari

Almashuv kursi dinamikasi

Hisobot davrida milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi valyuta bozoridagi talab va taklifning joriy nisbati hamda ichki va tashqi omillar ta’sirida shakllandi, deyiladi sharhda.

Natijada joriy yilning I choragi davomida valyuta kursi 0,8 foizga qadrsizlandi (9501 so‘m/dollardan 9577 so‘m/dollargacha).

2020 yil mart oyining oxirgi dekadasidan boshlab savdo xamkorlarimiz bo‘lgan davlatlar valyutalari devalvatsiyasi ta’sirida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholininig devalvatsion kutilmalarning ortishi, shuningdek, ichki valyuta bozorida talab va taklif nomutanosibligining yuzaga kelishi natijasida joriy yilning aprel oyida milliy valyuta 5,8 foizga qadrsizlandi.


2020 yilning yanvar-aprel oylari davomida valyuta birjasi savdolarida so‘mga nisbatan AQSH dollarining dinamikasi

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov ta’kidlagan edi, O‘zbekistonda naqd xorijiy valyuta taqchilligi bo‘lmaydi, chunki Markaziy bank Nyu-York Federal zaxira bankidan dollarlarni oldindan oladi deya ta’kidlagan edi.