O‘zbekiston prezidenti 5 may kuni Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq jahon iqtisodiy inqirozining to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishdagi salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqarilgan bazaviy sifatdagi paxta tolasining boshlang‘ich narxi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin yetkazib berish oyi uchun fyuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqqan holda sotuvchi tomonidan belgilanadi.

Mahalliy to‘qimachilik korxonalariga birja savdolarida 2020 yil 1 aprelga qadar milliy valyutada sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytiriladi.

Import qilinadigan 64 turdagi xomashyo va materiallar 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona boji to‘lashdan ozod qilindi.

1 maydan 31 dekabrga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishning soddalashtirilgan tartibi amal qiladi, unga binoan kalava va toladan tashqari, eksport qilinadigan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tovarlari (xizmatlari) uchun foydalanilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonasining O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushgan valyuta tushumi summasidan qat’i nazar, hisobga olinadi hamda eksport qiluvchining o‘rnatilgan tartibda beriladigan arizasiga asosan qaytarilishi shart.

Bunda, qo‘shilgan qiymat solig‘ining qaytarilgan summasi yoki uning bir qismi tovarlar eksport bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e’tiboran 180 kalendar kuni ichida valyuta tushumi yoki uning bir qismi eksport qiluvchining O‘zbekiston tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushmagan taqdirda, shuningdek, arizada qaytarilishi ko‘rsatilgan QQS summasi asoslantirilganligini kameral soliq tekshiruvidan o‘tkazish davomida aniqlangan g‘ayriqonuniy hisobga olingan QQS summasi 5 kun ichida penya hisoblangan holda Davlat byudjetiga qaytarilishi shart.

QQSni qaytarishning belgilangan soddalashtirilgan tartibi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga ular tomonidan oxirgi 12 oy davomida tovarlar eksporti amalga oshirilgan, shuningdek, eksport qilingan tovarlar bo‘yicha 10 ming AQSH dollaridan ko‘p miqdorda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lmagan taqdirda tatbiq etiladi. Bunda, tovarlar eksport bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan e’tiboran bir yuz sakson kalendar kuni ichida valyuta tushumi eksport qiluvchining O‘zbekiston tijorat banklaridagi hisob raqamiga kelib tushmagan taqdirda, debitor qarzdorlik muddati o‘tgan deb hisoblanadi.

2020−2025 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, shuningdek, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 300 million dollar miqdoridagi kredit liniyalari mablag‘lari, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati uchun ochilgan tijorat banklari kreditlari, xalqaro moliya institutlari qarz mablag‘lari va xorijiy banklar kredit liniyalari hisobiga moliyalashtiriladi.

O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali paxta ip-kalavasi va trikotaj matoni olib chiqishda:

  • 2021 yil 1 yanvardan boshlab olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun 0,01 dollar;
  • 2022 yil 1 yanvardan olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava va trikotaj mato uchun 0,05 dollar;
  • 2023 yil 1 yanvardan — 0,1 AQSH dollari;
  • 2025 yil 1 yanvardan — 0,2 AQSH dollari miqdorida yig‘im undiriladi.

Davlat tomonidan 2020 yilda mahalliy korxonalardan:

  • qariyalar uylariga yetkazib berish uchun kiyimlar va poyabzallar komplektlari, shuningdek, yolg‘iz va kam ta’minlangan qariyalar uchun qishki kiyimlar va poyabzallar komplektlari;
  • Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun formali kiyimlar va poyabzallar komplektlari;
  • Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi muassasalari, kasalxonalar, bolalar bog‘chalari, qariyalar uylari uchun choyshablar, to‘shaklar, yostiqlar, o‘rin yoping‘ichlari va boshqa to‘qimachilik mahsulotlari komplektlari;
  • davlat zaxirasi nomenklaturasi bo‘yicha to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati mahsulotlari qo‘shimcha xarid qiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga eksportga yo‘naltirilgan tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlariga ixtisoslashgan jahon brendlari vakillari bilan ushbu mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarishni tashkil etish va tayyor mahsulotlarni, shu jumladan, respublikaning ishlab turgan korxonalari quvvatlarida tikish bo‘yicha yirik buyurtmalarni shakllantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazish topshirildi.

Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Koreya, Hindiston va boshqa davlatlardan tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi yetakchi ekspertlarni mazkur sohani isloh qilish bo‘yicha maslahatchilar sifatida jalb qilinadi.