May oyi uchun pensiya va nafaqa to‘lovlari kechikdi. Ushbu masala yuzasidan Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki aholiga murojaat qildi.

Unga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida 480 mingdan ortiq pensiya va nafaqalarni bank kartalariga yuklanishi Xalq bankining elektron axborot tizimida yuqori darajada yuklama keltirishiga sabab bo‘lgan.

Pensiya jamg‘armasi tomonidan har bir pensiya va nafaqa oluvchi to‘g‘risida yuborilgan fayllar Xalq banki serverlari bazasidagi fuqarolarga ochilgan karta ma’lumotlari bilan avtomatik tarzda solishtirilib, tasdiqlangandan so‘nggina pensiya va nafaqa mablag‘lari tegishli bank kartalariga o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, 2020 yil may oyining dastlabki kunlari dam olish kunlariga to‘g‘ri kelganligi bois pensiya pullari 4 may sanasidan boshlab bank kartalariga yuklanishi boshlanganligi kechikishlarga sabab qilib ko‘rsatilgan.

Xabarda pensiya va nafaqa oluvchi barcha fuqarolarga bank kartalari fuqarolarning yashash manzillariga Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan oldingi pensiya tarqatish grafigi bo‘yicha yetkazib berilishi aytilmoqda. Bank kartalari har bir pensioner va nafaqa oluvchining xonadoniga yetkazib berilishi ta’minlanadi.

Mazkur bank kartalaridan fuqarolarning xohishiga ko‘ra sterillangan mablag‘lar naqdlashtirib beriladi. Pensionerlarning bank kartalaridan mablag‘larni naqdlashtirish uchun hech qanday haq olinmaydi.

Ma’lumotga ko‘ra, pensiya jamg‘armasi tomonidan may oiy pensiya va nafaqalar uchun 1,4 trln. so‘m miqdoridagi mablag‘lar to‘liq moliyalashtirib berilgan.