6 may kuni Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Sklyar Roman Vasilevich boshchiligidagi delegatsiya Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi va keyinchalik Qozog‘iston hududini suv bosishi holati o‘rganish hamda vaziyat yuzasidan O‘zbekiston bilan umumiy harakatlar algoritmini ishlab chiqish maqsadida Sirdaryoga tashrif buyurdi. Bu haqda Sirdaryo hokimiyatining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiyani O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari S.Umurzoqov va viloyat xokimi G‘.Mirzayevlar kutib olishdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur tashrifdan ko‘zlangan maqsad Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi va keyinchalik Qozog‘iston hududini suv bosishi holati o‘rganish hamda vaziyat yuzasidan O‘zbekiston bilan umumiy harakatlar algoritmini ishlab chiqish bo‘lgan.

Delegatsiya vertolyot aviatsiyasi yordamida Sirdaryo suv ombori atrofi hududlarini ko‘zdan kechirgan.

Shuningdek, Qozog‘istondagi Turkiston viloyati va O‘zbekiston Sirdaryo viloyati o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, xamkorlik, ko‘mak masalalari hamda ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni ertalab Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilishi sodir bo‘ldi. Suv toshqini natijasida O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan Kozog‘istondagi Maktaaral tumanining 5 qishlog‘ida 845 ta uy hamda 7639 gektar paxta maydonlari suv ostida qolgan. Toshqinning dastlabki zarari miqdori 404 mln tenge yoki 955 ming dollarni tashkil etmoqda.

Shu o‘rinda, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Aybek Smadiyarov mamlakatda vaziyat yuzasidan Hukumat komissiyasi tuzilgan, unga bosh vazir o‘rinbosari Roman Sklyar bosh bo‘lib 6 may kuni umumiy harakatlar algoritmini ishlab chiqish uchun u O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida ma’lum qilgandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan shu kunning o‘zida O‘zbekiston suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishda ko‘maklashish uchun Qozog‘istonga 209 nafar shaxsiy tarkib, 169 ta qishloq xo‘jaligi, muhandislik va yong‘in-qutqaruv texnikalaridan iborat qo‘shimcha kuch va vositalar jo‘natdi.