Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra karantin choralari darajasiga ko‘ra hududlar qizil, sariq va yashilga ajratilgan.

Qarorga ko‘ra, avtotransport vositalarining stikersiz, shuningdek, mototransport va velosipedlarning harakatlanishiga «yashil» hududlarda ruxsat beriladi. «Sariq» va «qizil» hududlarda avtotransport vositalari stikersiz har kuni 07:00 dan — 10:00 gacha, 17:00 dan — 20:00 gacha harakatlanishi mumkin.

Bundan tashqari, «yashil» (Navoiy, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari) va «sariq» (Toshkent shahri, Xorazm va Surxondaryo viloyatlari) toifadagi hududlarda yo‘nalishsiz taksilarga yo‘lovchi tashishga, sartaroshxona va go‘zallik salonlari hamda savdo majmualari faoliyat yuritishi ruxsat beriladi.

Bunda quyidagi talablar bajarilishi zarur:

  • yo‘nalishsiz taksilar — yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silgan bo‘lishi, haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lishi (tibbiy niqobsiz yo‘lovchini tashish taqiqlanadi), yo‘lovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilishi hamda faqat o‘z (avtotransport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) hududida harakatlanishi lozim;
  • sartaroshxona va go‘zallik salonlari — xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy himoya vositalari — tibbiy xalat yoki kombinezon, tibbiy niqob (N 95 yoki ustma-ust 2 ta oddiy spanbond niqobli), yuzni to‘liq to‘sadigan himoya maskasi va tibbiy qo‘lqopdan foydalangan holda «1 ta xizmat ko‘rsatuvchi shaxs — 1 ta mijoz» tamoyili asosida ijtimoiy masofani saqlagan holda ishlashi lozim;
  • savdo majmualari — qat’iy ijtimoiy masofani saqlagan holda ruxsat etiladi, bunda savdo majmuasining attraksion, ko‘ngilochar, ovqatlanish bo‘linmalari, kinoteatr va o‘yin maydonchalari faoliyatiga ruxsat berilmaydi.

Hududlarning to‘liq ro‘yxatini va ularga qo‘yiladigan karantin cheklovlarini quyidagi havolada ko‘rishingiz mumkin.