Sirdaryo viloyatida Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi natijasida suv bosgan hududlarda 50 ta ko‘p qavatli uylar quriladi. Bu haqda Lex.uz xabar bermoqda.

1 may kuni prezidentning “Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba suv ombori” to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoyishi qabul qilingan.

Ushbu farmoyishga muvofiq Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba suv ombori” to‘g‘onidan suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va hodisa sabablarini o‘rganish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzilgan.

Moliya vazirligi tomonidan yuz bergan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetiga dastlabki 100 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zarar yetgan infratuzilma ob’ektlariga 8 ta bolalar bog‘chasi, 16 ta maktab, 7 ta tibbiyot muassasasi, 1 ta kollej, 7 ta qabriston, 3 ta masjid, 13 ta respublika ahamiyatidagi ko‘prik, 52 km uzunlikdagi yo‘l, 1 ta dehqon bozorini kiritish mumkin. Shuningdek, 99 ta ko‘p qavatli turar-joy binosiga qisman zarar yetgan.

Ma’lumot uchun, Sardobadagi suv toshqini oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan, 1 kishi bedarak yo‘qolgan, 90 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingan.