Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 6 maydagi йиғилishибаёniга muvofiq koronavirus tarqalishi holatining hududlar kesimidagi tahlilidan kelib chiqib, karantin cheklovlari 8 maydan boshlab quyidagi uchta toifaga kiruvchi hududlarga ajratilib, bosqichma bosqich bekor qilib boriladi.


Qizil hududlar

“Qizil” toifadagi hudud — oxirgi 14 kun ichida koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlangan hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari). Bunda “qizil” hududda mavjud karantin cheklovlari saqlab qolinadi hamda vaziyatga qarab qayta ko‘rib chiqiladi.

“Qizil” hududlarda quyidagi faoliyat turlariga ruxsat beriladi:

  • oziq-ovqat savdo do‘konlari, nooziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdo do‘konlari, qurilish materiallari bozorlari, tikuvchilik va bichuvchilik sexlari, tijorat banklarining ob’ektlardagi shahobchalari (kassalari), kimyoviy tozalash, notarial idoralar, advokatura va sug‘urta tashkilotlari, poyabzal ta’mirlash ustaxonalari, chorvachilik, terini qayta ishlash korxonalari, tezkor ovqat tayyorlash nuqtalari (yetkazib berish va olib ketish uchun), tibbiyot muassasalari faoliyati;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ish, joylarga yetkazish va sotish, urug‘ va ko‘chat yetishtirish hamda ularni sotish, avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish, hunarmand va ustalar, ular tomonidan yasalgan buyumlarni bozor rastalaridan tashqari alohida joylashgan joyda (do‘kon) sotish;
  • ob’ektlarda qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, yakka tartibdagi qurilish va ta’mirlash ishlari, yetkazib berish xizmati;
  • ko‘p qavatli uylarning bevosita oldida va ichki hovli hududlarida ijtimoiy masofani saqlagan va niqob taqqan holda sayr qilish.

Sariq hududlar

“Sariq” toifadagi hudud — oxirgi 14 kun davomida koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlanmagan, biroq ushbu kasallikka chalingan va davolanayotgan shaxslar mavjud bo‘lgan hududlar (Surxondaryo, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahri). “Sariq” hududlarda ayrim cheklovlar saqlab qolinadi.

“Sariq” hududlarda, “qizil” hududlarga qo‘shimcha ravishda yana quyidagi faoliyat turlariga ruxsat beriladi:

  • nooziq-ovqat mahsulotlari chakana savdo do‘konlari, zargarlik va gul sotish do‘konlari, sartaroshxona va go‘zallik salonlari (maxsus talablar asosida) hamda mehmonxonalar (xostellar va mehmon uylari bundan mustasno) faoliyati;
  • avtomashinalar yuvish shahobchalari faoliyati, avtomobillar, qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikalariga texnik xizmat (servis) ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyati;
  • hunarmandchilik, maishiy jihozlar va elektron qurilmalarni ta’mirlash ustaxonalari faoliyati;
  • yo‘nalishsiz taksida maxsus talablar asosida yo‘lovchi tashish, velosiped va skuterda harakatlanish.

Yashil hududlar

“Yashil” toifadagi hudud — koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlanmagan (yoki aniqlangan shaxslar to‘liq sog‘aygan) hududlar (Navoiy, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari).

“Yashil” hududlarda, yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda park va istirohat bog‘lari faoliyatiga (attraksion va ko‘ngilochar ob’ektlar faoliyati bundan mustasno), avtotransportlarning stikersiz harakatiga, hamda davlat tashkilotlarida fuqarolar qabullariga ham ruxsat beriladi.

Qaysi talablar saqlanib qolinadi?

Barcha toifadagi hududlar uchun quyidagi majburiy talablar saqlab qolinadi:

  • ijtimoiy masofani (2 metr)ni saqlash, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalardan foydalanishi;
  • ta’lim tashkilotlari, o‘quv kurslari, ko‘ngilochar ob’ektlar, buyum bozorlari faoliyati va jamoat transporti harakatini yo‘lga qo‘ymaslik;
  • barcha turdagi ommaviy tadbirlar, oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni (dafn marosimlari 10−15 kishidan ko‘p bo‘lmagan hollar bundan mustasno) o‘tkazmaslik;
  • dehqon bozorlari va oziq-ovqat savdo nuqtalarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 °C va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik;
  • barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan ta’minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofani saqlagan holda faoliyat yuritishini ta’minlash;
  • qurilish-ta'mirlash ishlarida ob’ektlar hududini to‘liq karantinga olish va ularda sanitariya-gigiyena tadbirlarini amalga oshirib borish.

Yuqoridagilardan tashqari, viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan cheklovlar saqlab qolinadi. Bunda:

  • doimiy ro‘yxatdan o‘tgan holda “qizil” toifaga kiruvchi hududlarda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari (nodavlat tashkilotlarida — ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan tegishli ruxsatnoma asosida) xodimlariga mazkur hududga kirish va chiqishga;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nobud bo‘lishining oldini olish maqsadida aholi talablaridan kelib chiqib, fermer va dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va ko‘kat mahsulotlarini joylarga yetkazish va sotish maqsadida viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

O‘z navbatida, “qizil” toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek “yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlarda ushbu qaror bilan ruxsat berilgan faoliyat turlarini o‘rnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.