“O‘zarxiv” agentligi Ikkinchi jahon urushi qahramonlari xotirasiga bag‘ishlangan Xotira.archive.uz saytini ishga tushirdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur veb-sayt Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi oldidan Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlab yaratilgan.

Agentlikning ma’lum qilishicha, ushbu veb-saytni davlat arxivlariga kelib tushayotgan arxiv hujjatlari bilan doimiy boyitib, takomillashtirib borish rejalashtirilgan. Ayni paytda saytda agentlikning arxividan olingan “Urush qahramonlari” haqidagi ma’lumotlar, “Foto-galereya” hamda “Hujjatlar” qismida Ikkinchi jahon urushidan askarlarning maktublari, shu davrdagi gazeta parchalari va bir qator muhim hujjatlar mavjud.

Saytning “Xalq xotirasi” qismi Rossiyaning Pamyat-naroda.ru veb-saytiga yo‘naladi. Unda, har bir kishi urushda ishtirok etgan ajdodlarining (ota-ona, buva-buvi) ismi-sharifini kiritib, ularning jangavor hayot yo‘li (qachon urushga yuborilgan, qaysi front chizig‘ida xizmat qilgan, jangovar mukofotlari) haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda respublikada 3 ta milliy, 100 ta davlat arxivlari va ularning 7 ta filiallari, 11 ta nodavlat, 109 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar arxiv ishi boshqarmalari (14) faoliyat yuritmoqda. Bunda, 103 ta davlat arxivlarida 12,8 mln saqlov birligidan ortiq, shu jumladan 8,4 mln Milliy arxiv fondi hujjatlari, 3,3 mln shaxsiy tarkib hujjatlari va 1,1 mln vaqtincha saqlov muddatiga ega hujjatlar saqlanmoqda.