Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish Qozog‘istonga 13 mlrd dollarga tushdi, deya ma’lum qildi prezident Kasim-Jomart Tokayev TASS agentligiga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat COVID-19 tarqalishiga qarshi choralarni amalga oshirish uchun 5,5−6 trln tenge (13 mlrd dollarga yaqin) yoki yalpi ichki mahsulotning 8 foizdan ko‘prog‘ini sarfladi.

«Choralar misli ko‘rilmagan darajada. Men buni ataylab qilyapman, garchi, albatta, tanqidlar mavjud bo‘lsa ham, shu jumladan fuqarolar vertolyot pullari deb ataladigan pullarni sochayapsiz, deyishayotgan bo‘lsa ham. Ba’zida ularni shunday deyishadi. Lekin mening fikrimcha, biz birinchi navbatda fuqarolarimizning hayoti va farovonligi uchun kurashishimiz kerak. chunki xalqsiz iqtisod bo‘lmaydi», — dedi u.

Qozog‘istonning inqirozga qarshi choralari pensiya va nafaqalarni 10 foizga oshirish, ishini yo‘qotgan, jumladan o‘zini o‘zi band qilgan, norasmiy ishlagan qozog‘istonliklarga 42,5 ming tengeden (100 dollar) bir martalik pul to‘lovini tarqatish, 1 iyulga qadar bepul tibbiy yordam, aksariyat odamlar uchun oziq-ovqat yordami, fermerlar uchun yordam, oylik maosh jamg‘armasiga soliq to‘lovidan ozod qilish, milliy kompaniyalar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordam va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston esa bugungi kunda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashga Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan 2,25 trln so‘m (222 mln dollar), xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 500 mln dollar yo‘naltirdi.