Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori bilan bog‘liq favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Tursinxan Xudaybergenov boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘istonning Turkiston viloyatida favqulodda vaziyatdan zarar ko‘rgan hududlarida bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.

Bu yerda suv toshqini natijasida yuzaga kelgan favqulodda vaziyat oqibatlari yana bir karra o‘rganilib, zarur tadbirlar belgilab olindi.

Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun O‘zbekiston tarafidan 209 nafar shaxsiy tarkib, 169 ta qishloq xo‘jaligi, muhandislik va yong‘in-qutqaruv texnikalaridan iborat qo‘shimcha kuch va vositalar mazkur hududga yetib bordi.

Hozirda favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni ertalab Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilishi sodir bo‘ldi. Suv toshqini natijasida O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan Maktaaral tumanining 5 qishlog‘ida 845 ta uy hamda 7639 gektar paxta maydonlari suv ostida qolgan. Toshqinning dastlabki zarari miqdori 404 mln tenge yoki 955 ming dollarni tashkil etmoqda.

Shu o‘rinda, 5 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu kutilmagan texnogen ofat qo‘shni Qozig‘istonga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan “judayam xijolatdamiz”, deya ta’kidlab o‘tdi. “Ularning aholi yashash joylari va ekin maydonlari zarar ko‘rganidan, albatta, biz juda afsusdamiz. Biz qozog‘istonlik birodarlarimizga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kerakli yordam berishga ham tayyor ekanimizni bildirdik”, — dedi davlat rahbari.