O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida 1 may kuni Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi va suv toshqini aybdorlari qonun oldida javob berishini ishontirib ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

«Xalqimiz bir narsadan ko‘ngli to‘q bo‘lishi kerak, hech qanday ortiqcha gap-so‘zlarga va mish-mishlarga o‘rin bo‘lmasligi lozim. Mening topshirig‘imga ko‘ra huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan suv toshqini bilan bog‘liq voqea yuzasidan ob’ektiv, xolis va keng qamrovli tergov harakatlari boshlangan. Xalqimizni ishontirib aytaman, tergov yakunlari bo‘yicha barcha aybdorlar, kim bo‘lishi va egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, qonun oldida javob beradi», — dedi prezident.

«Bu suv toshqini biz uchun achchiq saboq bo‘ldi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Shu sababli suv ombori masalasida biz xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda to‘g‘onning barcha dambalarini chuqur ekspertizadan o‘tkazamiz. Faqat shundan keyingina yakuniy xulosaga kelamiz».

Shuningdek, davlat rahbarining topshirig‘i bilan hozirgi kunda tegishli davlat organlari tomonidan kuchli yog‘ingarchilik sababli eroziya yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha gidroinshootlar, to‘g‘onlar va GESlarda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.