2020 yilning bahori bizning qonimizni ichdi hisobi. Koronavirus pandemiyasi, Buxoro viloyatida tomlarni yulib otgan kuchli shamol va nihoyat Sardoba fojiasi. Biz qaysidir ma’noda televizor ekranlari orqali o‘zgalarning fojialarini xotirjam kuzatgan tinch o‘tmishimizning badalini to‘layotgandekmiz. Boshimizga tushgan bu qismatdan chiqarishimiz kerak bo‘lgan yagona yaxshi xulosa — xalqimizning bemisl darajadagi hamjihatligidir. Biroq og‘ir zarbalarga na yurak, na iqtisodiyot uzoq dosh bera olmaydi. Fojia oqibatlari qay darajada va birinchi zarbalarni qabul qilib olgan insonlar aslida nimalarga ehtiyoj sezmoqda — «Gazeta.uz» muxbirlari Sabina Bakayeva va Shuhrat Latipov reportajida.

Savdolashishga o‘rin yo‘q

3-may, yakshanba kuni tongda suv ostida qolgan mahallalardan evakuatsiya qilingan odamlar o‘z uylariga qaytishni boshladi. Ikki kun ichida ortga qaytib, yerga singgan. Chorva mollari omon qolganmi, qadrdon boshpanasi qanchalik sog‘ qolgan — endi bilish mumkin. Yoki u qanchalik buzilmay qolgan ekan. Va mol-mulklarini olish mumkin.

Yonimda bir keksa momo o‘tiribdi. 1 may kuni uni oilasi bilan Sardoba tumanidagi «Zamin» mahallasidagi mahalliy aholi uyiga joylashtirishdi. Bir necha kun oldin u tongni «Yurtdosh» mahallasidagi (1-savxoz) o‘z uyida qarshi olgan edi. Bugun esa uning o‘g‘illari narsalari uchun ketishdi, nevaralari esa u bilan qolgan. Ayol o‘z mollarini qo‘yib yuborganini aytadi. Bu yerda savdolashishga o‘rin yo‘q: asosiysi o‘zlarining tirik qolishi, mollar esa keyin ham topiladi.

Xuddi shu xonadon yana ikki oilani qabul qilgan. Jami 12 kishi. Hozir hovli bolalar, ayollar, reportyorlar va O‘zbekiston Ekologik partiyasi deputatlari bilan to‘lgan. Biz ularni tasodifan uchratib qoldik. Insonparvarlik yuklari ortilgan mashinalar karvoni va kuzovga partiya nomi yozib qo‘yilgani e’tiborimizni tortdi.

Ekopartiya rahbari Boriy Alixanov partiya befarq qololmagani va jabrlangan aholiga oziq-ovqatlar keltirishga qaror qilganini so‘zlab berdi. Uning o‘rinbosari Saydrasul Sanginov ayollarga tuxum fileykalari, oziq-ovqat solingan xaltalarni tarqatib, ularning kayfiyati qanday ekanini so‘raydi.

«Kayfiyatimiz yaxshi. Kayfiyatimiz yaxshi!» — deya javob beradi «Yurtosh» mahallasidan bo‘lgan ayol. Va unga negadir ishonasan. Ehtimol, u oilasini yo‘qotmagani uchundir.

Hovliga kirish joyida ikki keksa o‘tiribdi.

«Namozni o‘qidik, og‘izni yopdik», — deydi ulardan biri o‘sha tongdagi hodisalar haqida so‘zlarkan. «Yurtosh» mahallasidan bo‘lgan yana bir otaxon — 69 yoshli Odiljon Umarov tonggi beshlarda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari «savxoz» aholisini uyg‘otishni boshlaganini aytadi. Shoshilinchda turmush o‘rtog‘i va o‘g‘lining oilasi bilan o‘z uyidan qochib chiqadi.

Odiljon Umarov uylarning qanchalik suv ostida qolganini ko‘rsatmoqda. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Odiljon Umarovning rafiqasi xuddi shu uchastkaning qo‘shni binosida yotibdi. Xona nimqorong‘i va juda ko‘p ayollar bor. Jo‘raxon Umarova ikki kishilik karavot ustida gulli ko‘rpaga o‘ranib o‘tirardi. U yura olmaydi. Uning ko‘zlari porlar va hazillashishga harakat qilardi. Aytishicha, videoda chiroyli ko‘rinishi kerak. Biroq har safar yig‘lagisi kelganida ko‘zlarini oyna tomonga olib qochadi va bo‘shliqqa tikiladi.

Ayol ham eri aytganlarni takrorlaydi. Tong sahar beshda ularga bu yerga suv bostirib kelayotgani, shoshilish kerakligini aytishgan. Shoshilinchda zinada qoqilib ketgan. Endi, mana uch kundirki mehribon odamlarning uyida yotibdi va ulardan minnatdor. Tinmay minnatdorchilik bildiradi.

Jo‘raxon Umarova boshidan kechirganlarni so‘zlab bermoqda. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Odiljon Umarov jilmayadi va hech narsaga muhtoj emasligini aytadi. Faqat o‘zi bilan dorilari va ko‘z uchun tomizg‘isini olishni unutib qo‘yibdi. Dorilar unga juda kerak. Lekin suv bostirib kelayotganda ular haqda o‘ylarmiding? Deputatlardan nima sababdan dori uchun yordam so‘ramagani bilan qiziqamiz.

«Qandaydir uyatli», — yelka qisadi u. Bu tuyg‘u ehtiyojdan kuchliroqdek. Va o‘z sog‘lig‘idan ham kuchliroq.

Qarzdorlik tuyg‘usi

Ekopartiya karvoni jo‘nab ketdi. Hechqisi yo‘q, ular ortidan boshqasi keladi. Hozir Sirdaryo viloyatiga son-sanoqsiz yuk mashinalari oqib kelmoqda. Avvalroq biz kechasi Gulistonga Toshkentdan insonparvarlik yordami karvoni bilan keldik. Biz bilan poytaxtdagi Xayriya faoliyatini muvofiqlashtirish markazining (XFMM) 20 dan ziyod ko‘ngillilari ham bor edi. Shanba kuni kechki 6 dan ular o‘nlab tonna oziq-ovqat, kiyim-kechak, o‘yinchoqlar va ko‘rpa-to‘shaklarni yuklashdi. Ko‘ngillilar orasida maktab o‘quvchilari ham bor xatto.

Toshkent shahar XFMM ko‘ngillilari.

Yo‘l bo‘yi ular baland ovozda qo‘shiq aytishdi. Ularni tushunish mumkin. Bu harakatlar — ularning qayg‘usi. Faqat quvonch orqali ular chiqish yo‘lini topadigandek. Yoki quvonch — bu pandemiya va tabiiy ofatning aks ta’siri. Har kuni yuzlab qayg‘uli murojaatlarni eshitar ekan, shuncha kuchni qayerdan topishmoqda? Balki faqat yumor va musiqadandir.

3 may kuni ertalab biz Gulistondagi XYOMMda edik. Prokuratura xodimi Nodir aka markaz faoliyatini boshqarmoqda. Bu yerga mamlakatning barcha nuqtalaridan yordam to‘xtovsiz oqib kelmoqda. O‘nlab erkaklar tinimsiz fura va 10 tonnalik Isuzu`larni bo‘shatmoqda. Ayvon ostiga yogurt va yog‘ qutilari, kartoshka, piyoz va makaron qoplarini taxlashmoqda.

Ushbu omborxonada qalin eshiklar ortida minglab ichimlik suvli bloklar, bir tomonda choyshablar to‘plab qo‘yilgan.

«Farg‘onadan 12 ta fura, 20 ta yuk mashinasidan iborat karvon Surxondaryodan, 30 tonna guruch, so‘yish uchun tirik qoramol…» — deya sanaydi Nodir aka. Ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Sardoba fojiasi xalqimizning ofat qarshisidagi bemisl darajada hamjihat ekanini ko‘rsatdi. Guliston XYOMM yetib kelayotgan yordamni butunligicha qabul qila olmaydi. Shunchaki joy yetmaydi. Yuklar ikkita shtabga tushirilmoqda. Ikkinchisi Guliston tashqarisidagi avtoservis omborida joylashgan. U yerda choyshablar ustma-ust taxlangan, ular uyumi tez orada shiftga yetadi.

Iqtisodiyot shusiz ham tebranishlarga duch kelgan vaqtda mahalliy aholi uchun qanday og‘ir zarba bo‘lganini hamma tushunib turibdi. Odamlar oyoqqa turdi va yashash uchun zarur barcha narsani jo‘natishdi. Xatto tahririyatimizga ham qo‘ng‘iroq qilib, qanday qilib mebel jo‘natish mumkinligini so‘rashdi.

Shanba kuni Sirdaryoga insonparvarlik yuklarini jo‘natishdan avval Toshkent hokimligi matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev bir nafaqaxo‘r ayol yordam berishni xohlaganini so‘zlab berdi. Ayol to‘rt dona qolipli non olib kelibdi. O‘z shaxsiy holati qanchalik murakkab bo‘lishiga qaramasdan, nimadir odamlarni e’tiborsiz qolmaslikka undamoqda. Balki buni vijdon deb atash mumkindir.

Jabrdiydalar

Suv toshqinidan Sirdaryoning Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlari katta zarar ko‘rdi. Bu yerlarda aholi asosan qishloq xo‘jaligi bilan band. Ofat o‘n minglab gektar ekin maydonlariga zarar yetkazdi.

Suv yuvib ketgan sug‘orish tizimi beton ariqlari. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

«Yurtdosh» mahallasiga ketish yo‘lida suv oqizib yuborgan sug‘orish tizimi beton ariqlari ko‘zga tashlanadi. Qishloqqa boradigan tor yo‘ldan oxiri yo‘q karvon bilan samosval va traktorlar ham bormoqda. Traktor tirkamalarida o‘tgan yilgi hosildan paxta qoldiqlari qolib ketgan. Bu yil hosil bo‘larmikan?

Buzilgan yo‘llarda insonparvarlik yordami ortilgan yuk mashinalari, ekskavatorlar yuklangan furalar, suv tortadigan transportlar, elektr tarmoqlarini ta’mirlash uchun maxsus transport vositalari, old oynasida «Odamlar» yozuvi bo‘lgan va mahalliy aholini evakuatsiya qilayotgan yuk mashinalari ildamlab bormoqda. Ularni ko‘rib yurakka og‘ir yuk tushadi.

Odamlar qolgan-qutgan mol-mulklarini yuk mashinalari, traktorlar tirkamalari, yengil avtomobillar va eshak aravalarga ortib ketmoqda. Ular buyumlar bilan to‘lib-toshgan. Butun boshli oilalar yuk mashinalari kuzovlariga to‘shalgan ko‘rpachalarga o‘tirgan atrofga — suv yuvib yuborgan qishloq, yashab bo‘lmay qolgan uylariga tikilishadi.

Falokat hududi

Oldinroq ko‘rganlarimizning barchasi endi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Texnikalar va yordam oqimi, evakuatsiya qilinganlarning joylashtirilishi, oziq-ovqat omborlari, odamlarning hikoyalari — bularning bari o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. U yerda koordinatsiya, mas’uliyat, charchoq va umid bor. Bu yerda esa umid yo‘q. Faqatgina qayg‘u va dard bor.

Traktor cho‘kib ketgan mollar jasadlarini tashimoqda. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Mana, pasayib borayotgan suvi ko‘pirgan daryo. Uning ortida yashil bug‘doy maydoni, suv oqimlari ushbu maydondan o‘tgan. Buzilgan uylar devorlarida xira chiziqlar bor — suv qancha ko‘tarilganini darhol bilish mumkin. Endi bu — bir xotira.

Daryo ortida 6 nafar erkak bukilib, qandaydir katta narsa atrofida urinib yotishibdi. Bir necha soniyadan so‘ng ular arqon bilan halok bo‘lgan ot jasadini sudrab ketishadi.

Biz «Yurtdosh» mahallasining birinchi sovxozidamiz. Talofat ko‘rgan hududning markazida. Aholiga yordam berish uchun harbiylar va oddiy fuqarolar yetib kelishgan. Ularni Isuzu avtobuslarida olib kelishgan. Aytishlaricha, avtobuslar karvoni bir kilometrgacha cho‘zilib ketgan, lekin uning oxiri bizga ko‘rinmadi.

Uy devoridagi qora dog‘— suv sathining belgisi Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Vayronagarchiliklar ko‘lamiga qarasangiz, xuddi sunami bo‘lib o‘tgandek ko‘rinadi. Ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan masofadagi barcha uylar buzilgan. Loyga botgan odamlar ko‘lmaklarga toyib, yurib kelishyapti. Ular to‘kilib ketayogan uylaridan nimanidir olib chiqish maqsadida o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yishmoqda. Balki, ular uydan qaysidir xotirani olib chiqishmoqchidir.

G‘ishtlar uyumini yig‘ishtirishmoqda. To‘lqinda qulagan tushgan tomlarning mixlarini sug‘urib olishmoqda. Bir qator bo‘lib beton bo‘laklari ustidan yurishmoqda. Cho‘kib ketgan qadrdon zaminni etiklarda olib yurish — juda og‘ir qismat. Ular to‘dalanib qolgan hayvonlar jasadi yonidan na ularning sassiq hidini, na ularning og‘zidan sizib chiqqan qonni payqamasdan o‘tishmoqda.

Olib chiqilishi mumkin bo‘lgan barcha narsa olib chiqilganidan so‘ng, ular siqilishib mashinalarga o‘tirishadi va qayergadir jo‘nab ketishadi. Kiyimlarida loy parchalari va yuzlarida aks etgan bo‘shliq bilan o‘tirishadi.

Hozirgina yetib kelganlar ko‘zlarida ma’nosiz nazar tashlashadi. Mana eshiklari ochilgan «Jiguli"si oldida turgan erkak. Uning lablari qattiq qisilgan. Uning boshiga xuddi osmon qulab tushgandek. Men uning nima haqida o‘ylayotganligini bilmoqchi emasman. Uning yonida ayol kishi turibdi. Uning og‘zi qiyshaygan, yuzi xuddi qotib qolgandek, ko‘zlarida esa dahshat. Yuzlarida bittayam mushak qimirlamaydi. Lekin men uning yig‘layotganligi bilaman. Ko‘zlarida yosh yo‘q. Ayolning ko‘zlari mening ko‘zlarim bilan uchrashadi, men esa uning ko‘zlariga qaray olmayman.

Chunki ularga hozir hech nima ham deya olmaysan, ulardan hech narsa ham so‘ray olmaysan. Ularga hozir mening yengil hamdardligim kerak emas. Bu ularga hech narsa bermaydi. Ular meni tushunishmasa ham kerak. Men bunga boshqa qaray olmayman.

Xotirjamlik bahosi

To‘g‘on ertalab soat 5:55da yorilgan deyishmoqda. Lekin biz uchratgan ko‘plab odamlarning aytishlaricha, to‘g‘on devori qulashining birinchi shovqinlari 4:00larga yaqin eshitilgan. Odiljon-boboning aytishlaricha, evakuatsiya ham soat 6:00dan oldin boshlangan.

To‘g‘on devorining qulagan joyi.

Agar Sardoba suv ombori to‘g‘oniga uning qulagan tomonidan qaralsa, u yerda o‘nlab, balki yuzlab ekskavator va samosvallar to‘plangan. Uzoqdan ular kichkinadek ko‘rinishadi. To‘g‘on devoridagi teshik esa bahaybat.

To‘g‘on devorlarini ushlab turgan katta toshlar to‘lqin bilan tekislikka chiqib qolgan. Hozir ular bittayam boshoq qolmagan avval bug‘doy maydoni bo‘lgan yerda turibdi. Keyin esa oqim 4R200a avtoyo‘liga urilgan. Asfalt bo‘laklarini va yer qatlamlarini yuvib yuborgan, elektr uzatish tarmoqlari ustunlarini yiqitgan, yer tagidagi suv quvurlarini sug‘urib tashlagan va aholi turar joylarigi qarab yo‘l olgan.

To‘g‘on devori o‘pirilgan joydan bir kilometrda saqlanib qolgan ustunlar. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Avvallari dunyoda tabiiy ofatlar yuz berardi, odamlar halok bo‘lardi, davlatlar iqtisodiyoti katta zararlar ko‘rardi. Bularning barchasi bizdan uzoq, qo‘rqinchli bo‘lsa-da, bizga yetib kelmaydigandek tuyulardi. 2020 yilning bahori biz bilan bunday narsalar yuz bermasligi haqidagi tasavvurlarni yo‘q qildi. Hozirgacha o‘zingizda pandemiya inqirozini his qilmagan bo‘lishingiz mumkin, ammo milliy fojia inqirozini his qilmaslik mumkin emas.

Men ekskavatorlar turar joylarini yiqitgani, katta bolg‘alar odamlar yashab turgan uylarni buzayotganini ko‘rganman. Hozir esa men shunchaki yo‘l chetida turibman. Birinchi marta, yer haqiqatda oyog‘im tagidan ketib qolishi mumkin. Tuproq hali nam, qattiq yomg‘ir boshlanish arafasida.

Ushbu ijtimoiy va iqtisodiy iztiroblar girdobidan faqat bir narsani tushunish mumkin — tili, urf-odati va millatidan qat’i nazar, odamiylik hislatlari mavjud xalqning birdamligini. Hozir yuzlab kilometrlarda yashayotgan odamlarning dardi va qo‘rquvi xuddi o‘zingnikidek tuyuladi. Shuning uchun o‘zingni hech bo‘lmaganda ularga to‘rt dona non ulashishga majburdek his qilasan. Hattoki bir burda bo‘lsa ham.

Yordamchi-aholilarni olib yurgan avtobuslar. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Turar-joylarga yetkazilgan zarar hozircha e’lon qilingani yo‘q. Balki, yuzlab, balki minglab oilalar uysiz qolgandir. Ular qayerdadir yashashlari kerak. Vaqt esa oz. Oldimizda yoz, lekin bunday miqyosdagi narsalar haqida gap ketganida, qish ham juda yaqindek tuyuladi.

So‘ramoqchi bo‘lgan yagona narsamiz — bizga kutilmagan hodisalar oqibatida ham qulab tushmaydigan to‘g‘onlarni qurib bering. Bizga qattiq shamol tomlarini uchirib ketmaydigan uylar qurib bering. Bizga odamlar halok bo‘lmaydigan yo‘llarni qurib bering. Bunday infratuzilma bilan biz uchun yashash ham tinchroq ham arzonroq bo‘ladi.

Minnatdorchilik. «Gazeta.uz» tahririyati Toshkent hokimligi, Guliston va Sirdaryo viloyati prokuraturasi, O‘zbekiston IIV, Toshkent IIBB va Chilonzor tumani IIB xodimlariga korrespondentlar uchun ajratilgan transport va harakatlanish imkoniyati uchun minnatdarchilik bildiradi. Karantin cheklovlari sababli, qayd etib o‘tilgan idoralarning yordamisiz ushbu materialni tayyorlashning iloji bo‘lmas edi.