Samarqand viloyatining Urgut tumani «Tinchlik» mahallasida 4 may kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar berdi O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati.

Hodisa soat 19:30 da A-377 avtomobil yo‘lining 33 kilometrida sodir bo‘ldi. 27 yoshli haydovchi F.R. «VAZ-2106» rusumli avtomashinasini mast holatda Samarqand yo‘nalishi tomonidan Tojikiston yo‘nalishi tomonga qarab boshqarib kelayotgan vaqtida yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida 29 yoshli Z. A. boshqaruvidagi GAZ-5327 yuk mashinasiga to‘qnashib ketgan.

To‘qnashuv natijasida «Gaz-5327» rusumli yuk avtomashina yo‘lovchilari (haydovchining turmush o‘rtog‘i va farzandi) 22 yoshli D.S. va voyaga yetmagan 2 yoshli A.N., lar og‘ir tan jarohati olib hodisa joyida vafot etganlar.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.