O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi natijasida yuzaga kelgan suv toshqini qurbonlari haqida ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

“Hozirgacha 4 nafar fuqaromizning tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgani, 1 nafari bedarak yo‘qolgani aniqlandi. Jumladan, aholini xabardor qilish va qutqaruv ishlarini olib borish jarayonida Milliy gvardiyaning 2 nafar xodimini kuchli suv oqimi olib ketgan. Ular o‘z jonini fido qilib, yuzlab, minglab insonlar hayotini saqlab qolishdi”, — dedi prezident.

Davlat rahbari halok bo‘lganlarning yaqinlari va oila a’zolariga o‘zining chuqur hamdardligini bildirdi.

“Yigitlarimizning jasorati barcha kasbdoshlari va yoshlar uchun Vatanga, xalqimizga sodiqlik va fidokorona xizmat qilishning namunasi bo‘lib qoladi”, — dedi u.