O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi natijasida yuzaga kelgan suv toshqinidan qo‘shni Qozog‘istonning ayrim aholi punktlarini ham suv bosganiga munosabat bildirdi.

Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqotda bu masala o‘zaro tushunish va ochiqlik ruhida atroflicha muhokama qilib olingan. Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukeyev boshchiligidagi delegatsiya voqea joyida bo‘lib, vaziyatni har tomonlama chuqur o‘rgandi.

“Biz qardosh qozoq xalqi bilan azal-azaldan bir daryodan suv ichib, o‘zaro quda-anda bo‘lib, et bilan tirnoqdek yaqin bo‘lib yashaganmiz. Quvonchli kunlarda ham, sinovli damlarda ham hamisha bir-birimizga yelkadosh bo‘lib, qo‘llab-quvvatlab kelganmiz. Ushbu kutilmagan texnogen ofat nafaqat aholimizga, balki qo‘shni qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan judayam xijolatdamiz. Ularning aholi yashash joylari va ekin maydonlari zarar ko‘rganidan, albatta, biz juda afsusdamiz”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev hukumat, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, boshqa mutasaddi va mutaxassislar qozog‘istonlik hamkasblari bilan birgalikda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha, albatta, yaqindan hamkorlik qilishini ta’kidladi.

“Biz qozog‘istonlik birodarlarimizga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kerakli yordam berishga ham tayyor ekanimizni bildirdik”, — dedi prezident.