Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi va keyinchalik Qozog‘iston hududini suv bosishi munosabati bilan O‘zbekistonga norozilik notasini yuborish masalasi turmayapti. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Aybek Smadiyarov ma’lum qildi.

Rasmiy vakilning izohiga ko‘ra, suv toshqini oqibatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha hukumatlar va chegaraoldi hududlari rahbarlarining yaqin hamkorligini hisobga olib, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonga norozilik notasini yubormaydi.

“O‘zbekiston hududidagi Sardoba suv omborining suv oqimi va Turkiston viloyatidagi qator aholi punktlarini suv bosishi bilan bog‘liq vaziyat hukumatimizning alohida nazoratida. Ma’lumki, 2 may kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida tomonlar mavjud vaziyatni jiddiy muhokama qilishdi va ikki mamlakat hukumatlari kelishilgan holda ish yuritishi to‘g‘risida kelishib oldilar”, — dedi Aybek Smadiyarov.

Shu o‘rinda, 6 may kuni vaziyat yuzasidan umumiy harakatlar algoritmini ishlab chiqish uchun Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar O‘zbekistonga kelishi ma’lum qilindi.

“Turkiston viloyati hokimi O‘zbekistonning qo‘shni viloyatlariga tezkor safar bilan bordi va o‘zbek tomoni bilan zarur muzokaralar o‘tkazdi, natijalari bugungi hukumat yig‘ilishida xabar qilindi. Ma’lumki, vaziyat yuzasidan Hukumat komissiyasi tuzilgan, unga bosh vazir o‘rinbosari Roman Sklyar bosh bo‘ldi. Ertaga birgalikda harakatlar algoritmini ishlab chiqish uchun u [Roman Sklyar] Turkiston viloyatiga va O‘zbekistonga uchib boradi”, — deya qo‘shimcha qildi spiker.

Shuningdek, Aybek Smadiyarov tomonlar o‘rtasidagi barcha aloqalar Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomalar, strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomalar, shuningdek, Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyalariga to‘la mos ravishda amalga oshirilayotgani haqida ta’kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni ertalab Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilishi sodir bo‘ldi. Suv toshqini natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetdi. Binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘ldi. Uchta tumandagi 22 ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan Maktaaral tumanining 5 qishlog‘ida 845 ta uy hamda 7639 gektar paxta maydonlari suv ostida qolgan. Toshqinning dastlabki zarari miqdori 404 mln tenge yoki 955 ming dollarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 5 may kuni Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Sergey Gromovga tayanib Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi sababli Qozog‘iston hududini suv bosishi munosabati bilan vaziyat bo‘yicha to‘liq ma’lumot berish hamda yo‘qotishlarni qoplashni talab qilib rasmiy xat yo‘llamoqchi ekanligi haqida xabar bergandi.