Senat tekshiruvi natijasida Andijon viloyatida mahalliy byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanmagan holatlar aniqlangan. Bu haqda parlament yuqori palatasining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, 4 may kuni Senatda Andijon viloyatida byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish yakunlarini muhokama qilish bo‘yicha onlayn videokonferensiya tarzida qo‘shma masofaviy majlis bo‘lib o‘tdi.

Majlisda o‘rganish yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senati hamda Hisob palatasi tomonidan ma’lumotlar berilib, O‘zbekiston prezidenti topshiriqlari ijrosini ta’minlash, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hamda investitsiya dasturlari doirasidagi loyihalarni amalga oshirishdagi muammolar va mas’ullarning javobgarligi muhokama qilindi.

O‘tkazilgan tahlillar natijasida mahalliy byudjetga 92 mlrd so‘mdan ziyod qo‘shimcha daromadlarni jalb etish imkoniyati mavjudligi hisob-kitob qilingan. Bandlikni ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalarining 40 foizi sarflanishi belgilangan, lekin bu maqsadlarga mazkur mablag‘lardan umuman ajratilmagan. Shuningdek, qo‘shimcha manbalarning 10 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga sarflanishi lozim bo‘lgani holda umuman sarflanmagan. Qo‘shimcha manbalar hisobidan qariyb 112,4 mlrd so‘m manbasiz va maqsadsiz xarajatlarga yo‘l qo‘yilgan.

Jumladan, aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga ajratilgan 4,9 mlrd so‘mlik mablag‘lar samarasiz sarflanganligi hisobiga 2018 yilda foydalanishga topshirilishi belgilangan Xonobod shahridagi «Teyit», «Fozilmon» va «Xidirsha» MFYlar, Andijon tumanidagi «No‘xatak» MFY, Xo‘jaobod tumanida joylashgan «Xidirsha» MFYda suv tarmoqlarini qurish ishlari yakuniga yetkazilmagan va aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanmagani ma’lum qilindi.

Shuningdek, majlisda viloyatdagi 9 ta ijtimoiy soha ob’ektini qurish va mukammal ta’mirlash ishlari uchun tuzilgan loyiha-smeta xujjatlarida ko‘zda tutilgan 1,2 mlrd so‘mlik jihoz va uskunalar o‘rniga boshqa turdagi jihoz va uskunalar o‘rnatilganligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

Jumladan, Izboskan tumanidagi 29-sonli umumta’lim maktabi binosini rekonstruksiya qilish loyiha-smeta hujjatidagi qiymati 342 mln so‘mlik 2 dona isitish pechi o‘rniga loyiha-smetada ko‘zda tutilmagan, narxi noma’lum, avval foydalanilgan 2 dona isitish pechi o‘rnatilgan.

Senat a’zolari aniqlangan holatlarga jiddiy e’tiroz bildirib, qator mutasaddilarni intizomiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar kiritdi. Bunda, majlisda mahalliy byudjetlar qo‘shimcha daromadlari hisobidan ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish yo‘nalishida aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish yuzasidan to‘plangan materiallar Andijon viloyati prokuraturasiga taqdim etilganligi ma’lum qilindi.