Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatda 9 may kuni G‘alabaning 75 yilligi sharafiga uyushtiriladigan parad bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi, deya xabar berdi BelTA.

Xabarga ko‘ra, 3 may kuni G‘alaba kuniga tayyorgarlik qilish va mamlakatdagi epidemiologik vaziyat bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilish davomida Lukashenko mazkur parad chuqur mafkuraviy va ma’naviy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tgan.

«Shuni aytishim kerakki, biz paradni bekor qila olmaymiz. Men bu haqda uzoq vaqt o‘yladim. Albatta, bu [parad] hissiy, chuqur mafkuraviy narsa. O‘sha odamlar [urush qatnashchilari] biz uchun jonini berdi. Va odamlar nima deyishini o‘ylab ko‘ring. Balki darhol emas, bir kunda, ikki kundan keyin biz bundan [koronavirus infeksiyasidan] qo‘rqqanligimizni aytadilar», dedi davlat rahbari.

Aleksandr Lukashenkoning ta’kidlashicha, paradda qatnashishni istaganlar orasida Qurolli Kuchlar faxriylari ham bor. «Bugungi kunda istaganlar yetarli — minglab va minglab odamlar ushbu tadbir o‘tkazilishini istashadi», — deya ta’kidladi Belarus rahbari.

Umuman olganda, prezident parad epidemiologlar va virusologlar nuqtai nazaridan eng xavfli voqea emasligi haqida fikr bildirdi. «Chunki parad kutilganidek tashkil etiladi. Bu haqda keyinroq gaplashamiz. Ehtimol, ushbu paradning minbaridan», — dedi u.

Ma’lumot uchun, ayni paytga qadar Belarus respublikasida qariyb 17,5 ming koronavirus holati qayd etilgan. Bundan 3 259 nafari sog‘aygan va 103 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 mayda o‘tkazilishi rejalashtirilgan G‘alaba kuni paradini koronavirus pandemiyasi tufayli boshqa kunga qoldirishni buyurgandi.