Sardoba suv omboridagi suv toshqini oqibatida 70 mingga yaqin fuqaro Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududiga evakuatsiya qilingan edi. Evakuatsiya tufayli aksariyat fuqarolar zarur hujjatlarsiz qolishgan, deya xabar bermoqda Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati.

Hozirgi vaqtda Davlat xizmatlari agentligi rahbariyati Sirdaryoda bo‘lib, joylarda aholi bilan uchrashmoqda. DXA Jizzax viloyati boshqarmasi mutaxassislari hujjatlari yo‘qolgan fuqarolar ro‘yxatini shakllantirmoqda.

Jumladan, Jizzax olimpiya zaxiralari maktab-internati yotoqxonasiga joylashtirilgan 239 nafar Oqoltin tumani aholisining 32 nafarida tug‘ilganlik, nikoh qayd etilganlik guvohnomalari, fuqarolik pasporti, kadastr hujjatlari yo‘qolganligi aniqlangan. Ularga Davlat xizmatlari markazlari tomonidan eksterritoriallik tamoyili asosida mazkur hujjatlar qayta rasmiylashtirib beriladi.

Ma’lumotga ko‘ra, Arnasoy, Do‘stlik, Mirzacho‘l, Paxtakor, G‘allaorol tumanlari va Jizzax shahriga jami 10 629 nafar Sirdaryo viloyati fuqarolari evakuatsiya qilingan. 3 aprel kuni 1 608 nafar fuqarolarning pasport, guvohnoma va boshqa hujjatlari mavjudligi yuzasidan monitoring o‘tkazilgan. Shundan 292 fuqaroning 94 nafarida pasport, 134 nafarida tug‘ilganlik, 64 nafarida nikohni qayd etish guvohnomasi mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan.

Xabarda aytilishicha, hodisadan talofat ko‘rganlar uchun Jizzax shahar Davlat xizmatlari markazida insonparvarlik yordami to‘planib, ushbu buyumlar viloyatning Do‘stlik tumaniga joylashtirilgan 4 070 nafar sirdaryoliklarga yuborilmoqda.