O‘zbekistonda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi joriy etiladi. Bu prezidentning 1 mayda imzolagan «Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topgan, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qarorga ko‘ra, hududlar reytingi statistik ko‘rsatkichlar va so‘rovnomalar natijalari asosida ishlab chiqiladi.

Bunda iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishsizlikni kamaytirish, aholi turmush sifatini yaxshilash kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi.

Reyting baholashni amalga oshirish maqsadida 2020 yil 1 iyunga qadar maxsus axborot tizim ishlab chiqiladi va dastlab 2019 yil uchun ushbu tizim orqali sinov rejimida baholash amalga oshiriladi.

Natijalar asosida reyting ko‘rsatkichlarini aniqlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kesimida amalga oshiriladi.

O‘tgan yil uchun reyting baholash natijalari har yili 1 fevral (tezkor baholash) va 15 iyunga (yakuniy natijalar) qadar Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritiladi.

Reyting baholash natijalari har yili Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlari yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama qilinishi shart.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi reyting baholash natijalarini umumlashtiradi, shuningdek, reyting baholashni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tegishli organlar, tashkilotlar va muassasalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.

Qaror bilan Reyting ko‘rsatkichlari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.