O‘zbekiston Markaziy banki koronavirus pandemiyasi sababli 2020 yilda mamlakat yalpi ichki maxsulotining o‘sish sur’atlari ko‘zlangan 5,2−5,5 foizdan 1,5−2,5 foizgacha pasayishini kutmoqda. Bu haqda Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan “2020 yilning I choragi uchun pul-kredit siyosati sharhi” da ma’lum qilindi.

Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 2020 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra 4,1−4,4 foiz atrofida bo‘lganligi haqida ma’lum qilgandi. 2019 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 5,5 foizga o‘sgan.

“Markaziy bankning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yilda real yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning o‘sish sur’ati 1,5−2,5 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Markaziy bankning dastlabki prognozlariga asosan O‘zbekistonda turizm, mehmonxona biznesi, xalqaro transport, ko‘ngil ochar sohalar, sport, eksklyuziv xizmatlar va boshqa sohalarda o‘sish sur’atlarining sezilarli darajada pasayishi kutilmoqda.

Xisobotda ta’kidlanishicha, joriy hisob-kitoblar 2020 yilda yakuniy iste’mol xarajatlari 1,4 foizgacha pasayishi va yalpi asosiy kapitalga investitsiyalarning o‘sish sur’ati 2019 yildagi 34 foizdan 2020 yilda 6,4 foizgacha sekinlashishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

“Shu bilan birga, oltin narxining o‘sishi va meva-sabzavot eksportining ko‘payishi davlat byudjeti va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va ma’lum darajada soliq tushumlari kamayish bo‘yicha ta’sirlarni yumshatadi”, — deya sharhda qayd etilgan.

Inqirozga qarshi jamg‘armaning shakllantirilishi va unga xalqaro moliya institutlari mablag‘larining ham jalb qilinishi, shuningdek, karantin davrida daromadlarini yo‘qotgan aholiga yordam berish uchun maxsus jamg‘armalarga mablag‘lar yig‘ilishi kabi choralar pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish imkonini beradi.

Markaziy bankning sharhida ta’kidlanishicha, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga ta’sir ko‘lami va davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

“Tashqi iqtisodiy sharoitlarning yomonlashishi sharoitida mamlakatimizga kirib keladigan transchegaraviy pul o‘tkazmalari yillik miqdori o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada qisqarishi kutilmoqda”, deyiladi sharhda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan 30−35 foizga qisqaradi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 6,01 milliard dollarni tashkil etgan edi. Pandemiya tufayli 2020 yilda pul o‘tkazmalari hajmi 4 milliard dollargacha pasayishi mumkin.

Markaziy bankning hisob-kitoblariga ko‘ra, aprel-iyul oylarida pul o‘tkazmalarining kamayishi (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oylik) 50 foizga yetishi mumkin va keyinchalik bosqichma-bosqich tiklanish kuzatiladi. Shunday qilib, aprel oyida bu ko‘rsatkich 200 mln dollardan pastga tushdi va oktyabr oyiga qadar 500 million dollardan oshishi kutilmoqda.