Maulen Ashimbayev Qozog‘iston Respublikasi parlamentining Senatiga rais etib saylandi. Bu haqda mamlakat senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ishtirokida bo‘lib o‘tgan Senat yig‘ilishida, senatorlar bir ovozdan Maulen Ashimbayevning senat raisligiga nomzodini qo‘llab-quvvatlashgan. Uning nomzodi prezident tomonidan ko‘rsatilgan. Oldinroq Ashimbayev davlat rahbari qarori bilan senat a’zosi bo‘lganligi haqida xabar berilgan edi.

“Hozirgi kunda eng dolzarb muammo — bu jahon bo‘ylab tarqalgan pandemiya bilan kurashdir. Favqulodda holat tugatilganidan so‘ng, davlat rahbari aytganidek, barcha davlat organlarining asosiy vazifalari Yelbasi siyosatining davomiyligini ta’minlash va mamlakat rivojlanishi, aholi farovonligi hamda iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan Prezident strategiyasini hayotga tatbiq etishdan iborat bo‘ladi”, — deya ta’kidlagan Ashimbayev.

Bundan oldin Ashimbayev Prezident devoni rahbarining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

U faoliyati davomida Qozog‘iston prezidenti yordamchisi, “Nur Otan” partiyasi raisining o‘rinbosari, Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari va boshqa lavozimlarda ishlab kelgan. Mutaxassisligi bo‘yicha iqtisodchi.

Oldigroq Qozog‘iston birinchi prezidentining qizi Darig‘a Nazarboyeva Senat raisi lavozimidan ozod etilganligi haqida xabar berilgan edi. Buning sabablari haqida ma’lumot berilgani yo‘q.