Vazirlar mahkamasi tomonidan “2020 — 2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiya bilan ta’minlash konsepsiyasi” qabul qilindi. Bu haqda Energetika vaxirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2030 yilgacha elektr energiya ishlab chiqarishni 5900 MVt dan 29200 MVt gacha ko‘paytirish, elektr energiyasini ishlab chiqarishdagi tabiiy gaz sarfini 16,5 mlrd kubometrdan 12,1 mlrd kubometrgacha qisqartirish hamda elektr energiyani uzatishda yo‘qotishlarni 2,35% ga, va uni taqsimlashda — 6,5% ga kamaytirish rejalashtirilgan.

Xabarga ko‘ra, mazkur strategiya 2020 yildan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatda elektr energiya bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha o‘rta muddatli va uzoq muddatli maqsadlarni belgilaydi hamda doimiy tahlil asosida zaruriyatga ko‘ra tahlil qilinadi.

Hujjatning strategik maqsadi — O‘zbekiston aholisini va iqtisodiyotini raqobatbardosh narxlar asosida elektr energiya bilan ta’minlash, eng yaxshi jahon amaliyotlari va jahon elektr energetikasidagi zamonaviy tendensiyalarni qamrab oluvchi muvozanatlangan energetika sektorni rivojlantirishdir, deyiladi xabarda.

Konsepsiyada quyidagi yo‘nalishlar ustuvor sifatida belgilangan:

  • mavjud elektrstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, elektr energiya ishlab chiqarish bo‘yicha energiya samarador texnologiyalardan foydalangan holda yangi elektr stansiyalarini qurish;
  • elektr energiyasi hisobini yuritish tizimini takomillashtirish;
  • qayta tiklanadigan, ayniqsa, quyosh energiyasi manbalarini rivojlantirish; tarif siyosatini takomillashtirish va ulgurji bozorga chiqishni ta’minlash bo‘yicha huquqiy islohotlarni amalga oshirish.

Shuningdek, mazkur strategiyada qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishda hozirgi paytda elektr energiyasi taqchil bo‘lgan hududlarni energiya ta’minotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun, ushbu sohada davlat-xususiy sherikchiligini keng qo‘llash choralari strategiyada belgilanganligi ma’lum qilindi.