1 may kuni Sirdaryo viloyatida Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi natijasida suv ostida qolgan hududlardan o‘n minglab fuqarolar xavfsiz joylarga evakuatsiya qilindi. Hozircha suv qaytgani yo‘q va odamlar maktablar, kollejlar, litsey va bolalar bog‘chalariga vaqtincha yashab turibdi.

Birinchi kuni evakuatsiya qilinganlar xususiy xonadonlarga ham joylashtirildi va aholi ularni mamnunlik bilan o‘z uylariga qabul qildi. Hozirga kelib barcha evakuatsiya qilinganlar uyushgan holda maxsus ajratilgan markazlarga joylashtirilgan. O‘zbekiston FVV matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, viloyatda zaxira dala lagerini barpo etish ishlari yakuniga yetmoqda.

«Gazeta.uz» muxbiri Nikita Makarenko ofat hududidan evakuatsiya qilinganlar joylashtirilgan markazlardan biri — Mirzaobod tumanidagi 3-bolalar bog‘chasiga tashrif buyurdi. Ayni shu vaqtda bolalar bog‘chasi, IIV va prokuratura xodimlari insonparvarlik yordami — kiyimlarni saralash bilan mashg‘ul ekan. Ushbu kiyim-kechaklar mahalliy aholi va toshkentliklar tomonidan taqdim etilgan.

Kiyimlar shu qadar ko‘p ekanki, evakuatsiya qilinganlar o‘zlariga ma’qullarini tanlab olgach, qolganlari Yoshlar ittifoqi ko‘ngillilari tomonidan boshqa markazlarga olib ketildi.

Bolalar bog‘chasi xodimlarining ma’lum qilishicha, bu yerda barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Hokimiyat tomonidan issiq ovqat tashkillashtirilgan. Ayni vaqtda bog‘chada 24 nafar evakuatsiya qilingan bola ham bor.

Katta yoshlilar muxbir bilan suhbatda deyarli hech narsaga ehtiyoj sezmayotganlarini ma’lum qildi. Ular sharoitlardan mamnun, biroq tezroq uylariga qaytishni xohlashmoqda. Odamlarni eng ko‘p mol-mulklari va kelajaklari tashvishga solmoqda.

Bolalar bog‘chasida vaqtida muxbir mahalliy aholidan tarkib topgan ko‘ngillilarning tashrifiga guvoh bo‘ldi. Ko‘ngillilarga profilaktika inspektori hamrohlik qilmoqda. Ular bolalar uchun o‘yinchoqlar va tagliklar tarqatishdi.

Sirdaryo viloyatiga mamlakatning turli hududlaridan insonparvarlik yordamlari kelishda davom etmoqda. «Toshkent-Guliston» avtoyo‘lida oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va mebel ortilgan yuk mashinalari karvoniga ko‘rish mumkin.

Video