Namanganda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir nafas va yurak qon — tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Namanganlik M. shu yilning 20 aprelida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan viloyat filiali reanimatsiya bo‘limiga yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi bilan yotqizilgan. Yondosh kasalliklari hisobiga u qariyb ikki hafta davomida sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan. O‘tkazilgan tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda “Covid-19” infeksiyasi ham aniqlangan.

Bundan avval esa ushbu bemor (erkak) bosh miya falaji, ikkilamchi kamqonlik og‘ir darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi kabi qator tashxislari bilan davolangan. 29 yildan buyon yotoqdagi bemor bo‘lishi bilan birga birinchi guruh nogironligi ham belgilangan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari bilan birga xorijlik, jumladan, xitoylik shifokorlar tomonidan ham bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.

Biroq pulmonolog, terapevt, kardiolog, virusolog, reanimatologlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deyiladi xabarda.