1-maydan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar o‘z faoliyatini boshladi va shu kuni yangi tashkil etilgan xususiy notarius tomonidan birinchi notarial harakat amalga oshirildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi.

Mazkur notarial harakat Farg‘ona viloyat Qo‘qon shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Fazliddin Xojimatov tomonidan amalga oshirildi. U fuqaroga nafaqa olish uchun ishonchnomani rasmiylashtirib berdi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2019-yil sentyabrdagi notariat tizimini tubdan isloh qilish to‘g‘risidagi farmonida 1-yanvardan xususiy notarial idoralar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan edi.

Xususiy notarial amaliyot birinchi prezident Islom Karimovning 2010-yil maydagi farmoni bilan taqiqlangan edi. Bunga notariuslar faoliyatidagi qonunbuzarliklar va suiiste’molchiliklar sabab qilib keltirilgan.

Endilikda notarius xizmatlari haftaning barcha kunlarida ko‘rsatilishi mumkin, bu notarial idoralarda navbatlar muammosiga barham berishi kerak.

Adliya vazirligining qayd etishicha, 20-aprel kuni xususiy notarial faoliyat olib borish huquqi uchun birinchi elektron litsenziya berildi.

Yuqorida tilga olingan farmonda bir qator yangi notarial harakatlar joriy etilib, ayrim shartnomalarni rasmiylashtirish soddalashtirilgan (batafsil).