30 aprel kuni Jahon banki direktorlar kengashi Rivojlanish siyosatini qo‘shimcha moliyalashtirish harakati (SDPF) doirasida O‘zbekistonga 200 million dollar ajratishni ma’qulladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, bu mablag‘lar sog‘liqni saqlash, ijtimoiy farovonlik va mamlakat iqtisodiyotiga COVID-19 koronavirus pandemiyasining ta’sirini kamaytirishga va iqtisodiy tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Ushbu moliyalashtirish soliq tushumlarining sezilarli darajada kamayishi va hukumatning inqirozga qarshi dasturi doirasida davlat xarajatlarining kutilmagan darajada ko‘payishi sharoitida davlat byudjetiga qo‘shimcha mablag‘lar bilan ta’minlaydi.

«Jahon banki tomonidan taqdim etilayotgan qo‘shimcha moliyaviy resurslar O‘zbekiston hukumatining pandemiya tarqalishining oldini olish hamda uning aholi va milliy iqtisodiyotga ta’sirini pasaytirishga yo‘naltirilgan inqirozga qarshi dasturini amalga oshirishga ko‘maklashadi», — deya ta’kidlaydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Hideki Mori.

Ajratilgan yordam, 2019 yil iyun oyida Jahon bankining direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlangan 500 million dollar miqdoridagi O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq. Rivojlanish siyosatini qo‘shimcha moliyalashtirish harakati (SDPF) doirasida qo‘shimcha moliyalashtirishning sababi «pandemiya oldidan hukumat tomonidan ko‘rsatilgan ushbu islohotlarni amalga oshirishda sezilarli yutuqlar, shuningdek, koronavirus tufayli kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz natijasida davlat byudjetining kutilmagan taqchilligidir», deyiladi vakolatxonaning xabarida.

Yuqorida aytib o‘tilgan 200 mln dollar Jahon banki tomonidan 24 aprelda tasdiqlangan 95 mln dollarlik moliyaviy paketiga qo‘shimcha hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, ushbu mablag‘lar O‘zbekistonning «COVID-19 koronavirusi infeksiyasiga shoshilinch javob» loyihasida belgilangan hukumat tomonidan milliy sog‘liqni saqlash tizimlarini va ijtimoiy himoya qilishni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishi uchun ajratilgan.