Uzcard 1 maydan boshlab onlayn-omonatlar bo‘yicha banklardan 0.25 foiz miqdorida to‘lov olishini ma’lum qilib, banklarga tegishli xat jo‘natgan.

Uzcard bosh direktori Axror Maxmudovning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, onlayn-omonatlar va onlayn-konversiya xizmatlarini ommalashtirish maqsadida, ular bo‘yicha to‘lovlarni 2018 yil 6 sentyabrdan bekor qilgan edi. Ushbu choralar 2019 yilga ham uzaytirilgan edi, lekin kompaniyaning aytishicha, banklarning ushbu imtiyozlardan boshqa tijoriy maqsadlarda foydalanishi holatlari uchragan.

“Afsuski, ikki-uch oy davomida tranzaksiyalarni o‘rganishni boshlaganimizda, ko‘plab banklar ushbu xizmatdan boshqa tijoriy maqsadlarda foydalanayotganligining guvohi bo‘ldik. Ya’ni, davlat oldidagi soliq to‘lovlarini va Uzcard komissiyalarini chetlab o‘tish holatlari kuzatildi. Shuning uchun, Uzcard 1 maydan boshlab onlayn-omonatlar xizmati uchun to‘lov joriy qilinishi haqida barcha banklarni ogohlantirdi. Lekin onlayn-konversiyaga moratoriy saqlanib qolinadi”, — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, banklar P2P-o‘tkazmalari (karatdan kartaga o‘tkazish) uchun elektron hamyonlardan foydalanishgan.

“Har bir bankning mobil ilovasida elektron hamyon mavjud. Bu yaxshi xizmat turi, u rivojlanishi kerak. Biz ham buni faqat qo‘llab-quvvatlaymiz. Banklar P2P-o‘tkazmalarini boshqa maqsadlarda ishlatishgan. P2Pning virtual terminali (E-POS) bo‘lib, uning tariflari alohida 0,25 foizni tashkil etadi”, — dedi Axror Maxmudov.

U bunga misol keltirdi: agar ushbu xizmatdan foydalanayotgan shaxs bitta bankdagi karta hisobini boshqa bir bankdagi kartasidan to‘ldirmoqchi bo‘lsa, u o‘zining elektron hamyonini to‘ldirishi va undan kartani to‘ldirishi mumkin. Ushbu tranzaksiya uchun fozi stavkasi nolga teng.

“Lekin bu uchun bank komissiya oladi. Demak, davlat ushbu tranzaksiyadan soliq to‘lovi olishi kerak edi, lekin foyda bankka o‘tadi. Soliq va Uzcard uchun komissiya to‘lanmaydi”, — deya tushuntirdi Axror Maxmudov.

Uzcard rahbari “elektron hamyonlarni o‘ldirmaslik uchun” onlayn-omonatlar uchun komissiya narxi 0,5 foizdan 0,25 foizga tushirilganligini ta’kidladi.

“Chunki banklar P2P-o‘tkazmalari uchun ushbu hamyonlardan foydalanishni boshlashdi, bizda ular 0,25 foizga tariflanadi. Elektron hamyonlarni to‘liq o‘ldirmaslik uchun, biz komissiyani 0,25 foizga kamaytirdik. Ular orasidagi tarif endi bir xil bo‘ladi”, — dedi u.

Axror Maxmudovning fikriga ko‘ra, komissiya onlayn-omonatlarning ommalashuviga ta’sir qilmaydi.

“Tijorat banklari onlayn-omonatlar bo‘yicha foizlarni oshirishadimi? O‘ylashimcha, yo‘q. Chunki onlayn-omonatlar bo‘yicha to‘lanadigan foizlarning yillik stavkasi 23−24 foizga teng, bank mijozlari uchun o‘rtacha kredit foizlari esa 30−34 foizga teng”, — dedi Uzcard bosh direktori.

“Gazeta.uz"ning aniqlashicha, Milliy banklararo protsessing markazida (Humo) kartani debitlash bo‘yicha har qanda operatsiyalar uchun (onlayn-omonatlar, onlayn-konversiyalar, P2P-o‘tkazmalari va boshqalar) yagona komissiya belgilangan — u 0,03 foizga teng.