30 aprel kuni Turkiy kengash mamlakatlari transport vazirlarining videokonferensiya shaklidagi navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tadbirda Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkiya, O‘zbekiston, Vengriyaning tegishli vazirliklari rahbarlari hamda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi ishtirok etdi.

Koronavirusning yangi turiga qarshi kurash sharoitida transport operatsiyalari uzluksizligini ta’minlash yo‘llari muhokama qilindi.

Vazirlar “Sharq-G‘arb” Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi orqali yuklarni tashishda yengilliklar yaratish va global pandemiya oqibatlarining mintaqa davlatlari iqtisodiga salbiy ta’sirini bartaraf qilish uchun zarur choralarni ko‘rish imkoniyatini muhokama qildilar.

Onlayn-uchrashuv qatnashchilari transport kvotalari, tranzit hujjatlari, a’zo davlatlar o‘rtasidagi yig‘imlar va haydovchilik vizalari yo‘nalishlarida o‘zaro imtiyozlar taqdim qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.

Kaspiy dengizi bo‘yicha Ro-Ro yo‘nalishida yig‘imlarni pasaytirish, zarur qo‘shimcha tranzit hujjatlarini taqdim qilish va bir-birlarining hududlaridan o‘tish uchun to‘lovlarni o‘zaro bekor qilish ham muhokama qilindi.

Yig‘ilishda yuk tashuvlari va logistikani samarali muvofiqlashtirish hamda dolzarb muammolarga tezda yechim topish maqsadida tomonlarning transport va savdo vazirliklari hamda bojxona boshqarmalari vakillaridan iborat maqsadli guruh tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

2016 yil yanvar oyida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Gruziya va Ukraina Xitoy, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya va undan keyin Turkiya va Ukrainadan Yevropaga o‘tadigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (TXTY) bo‘ylab yuk tashish uchun raqobatbardosh imtiyozli tariflarni belgilash to‘g‘risida protokol imzolagan edi. O‘sha yilning oktyabr oyida TXTY xalqaro assotsiatsiyasi Qozog‘iston poytaxtida o‘z vakolatxonasiga ega bo‘ldi.

2009 yil oktyabr oyida tashkil etilgan Turkiy kengash zamonaviy turkiy davlatlarni birlashtirgan xalqaro tashkilot bo‘lib, uning asosiy maqsadi ushbu davlatlar o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdir. Unga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston kiradi, Vengriya kuzatuvchi sifatida qatnashadi. Aprel oyi boshida kengashga a’zo davlatlar rahbarlari videokonferensiyada koronavirus tarqalishiga qarshi birgalikda harakatlarni muhokama qildilar.