O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev to‘g‘on o‘pirilishi oqibatida Sardoba suv omboridan suv toshib chiqqan hududni ko‘zda kechirish uchun Sirdaryo viloyatiga keldi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, davlat rahbari hudud ustidan vertolyotda uchib o‘tdi. «Aholida vahima qo‘zg‘alishi uchun hech qanday sabab bo‘lmasligi kerak», — deya qo‘shimcha qildi kanal.

Avval xabar berganimizdek, 1 may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba» suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Buning oqibatida Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘rg‘ontepa, Do‘stlik, Yurtdosh MFYlardan jami 11598 nafar aholi Mirzaobod tumaniga evakuatsiya qilingan.

Bundan tashqari, aholini Oqoltin tumanidagi «Abdualim» MFY aholisini evakuatsiya qilish ishlari boshlangan. Bundan tashqari, suv bosish xavfi bo‘lgan Sardoba tumanidagi «Quytosh» MFY «Ota yurt» MFY va «Birlik» MFYlardan aholini evakuatsiya qilish rejalashtirilmoqda.