Yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan qoidabuzarliklar sodir etayotgan yo‘l harakati ishtirokchilariga nisbatan elektron tarzda bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi. Bu haqda IIV YHXBB matbuot xizmati ma’lum qildi.

1 may kuni Toshkent viloyati IIBB YHXBda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Vazirlar mahkamasining tegishli qarori bilan YPX inspektorlari qoidabuzarliklar sodir etayotgan yo‘l harakati ishtirokchilariga nisbatan elektron tarzda bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etilishi ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, mazkur qaror sohani yanada takomillashtirish, shaffoflikni ta’minlash, harakatlanish xavfsizligini ta’minlash ishlari samaradorligini oshirish va, eng muhimi, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.

Shuningdek, yig‘ilishda planshetlardan foydalanish tartiblari, aynan shunday elektron bayonnomalar rasmiylashtirilgan transport vositalarini jarima maydonlariga olib borish va rasmiylashtirish tartiblari ham muhokama qilinib, bu yo‘nalishda xodimlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.