Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibining xabariga ko‘ra, 24 yoshli U.B. 9 aprel kuni Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasining tug‘ruq bo‘limiga «Homiladorlik 1. 32−33 hafta. O‘tkir respirator kasalligi» tashxisi bilan kelgan.

10 aprel kuni ayolda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Shundan so‘ng, homilador ayolga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida poytaxtdagi 3-son tug‘ruq kompleksiga og‘ir ahvolda o‘tkazilgan.

Tug‘ruq majmuasida tor mutaxassislardan: kardioxirurg, kardiolog, pulmonolog, infeksionist, terapevt, anesteziolog-reanematolog va akusher-ginekologlar tomonidan ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zaruriy tekshiruvlardan so‘ng kerakli davolash chora-tadbirlari belgilangan.

1 may kuni ertalab bemor ayol vazni 3 150 gramm, bo‘yi 52 santimetr bo‘lgan o‘g‘il bola chaqaloqni dunyoga keltirdi. Murakkab jarrohlik amaliyoti asoratsiz o‘tib, muvaffaqiyatli yakunlanganligi aytilmoqda. Hozirda ayolning va yangi tug‘ilgan chaqaloqning ahvoli yaxshi, ular shifokorlarning qat’iy nazorati ostida.