Prezident qaroriga muvofiq, Ahmadjonov Vohidjon Muhamadjonovich O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, V.Ahmadjonov tayinlovga qadar vazirlik huzuridagi Axborot-tahlil va resurs markazi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Vazir o‘rinbosarining zimmasiga suv xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish, ilmiy ishlanmalar natijalarini, suv xo‘jaligini boshqarish va suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanishning ilg‘or usullarini amaliyotga faol joriy etish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda suv xo‘jaligining sug‘orish tizimlarini modernizatsiya, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi vazifalar yuklatilgan.