Tojikistonda ilk bor koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq 15 ta holat aniqlandi. Bu haqda «Xovar» milliy axborot agentligi ma’lum qildi.

30 aprel kuni Tojikiston bosh vaziri Kohir Rasulzoda raisligida COVID-19 koronavirusi tarqalishining oldini olish bo‘yicha Respublika shtabining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot vazirligi 29 aprel kuni mamlakatda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq 15 ta holat tasdiqlangani, ularning 10 tasi So‘g‘d viloyatida, 5 tasi esa Dushanbe shahrida aniqlanganini ma’lum qildi.

«Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, Respublika shtabi mamlakatda COVID-19 koronavirus infeksiyasi borligini rasman tasdiqladi», — deyiladi xabarda.

Shu munosabat bilan mamlakatda 4 maydan boshlab universitetlarning 1, 2 va 3-kurs talabalari uchun yozgi ta’til e’lon qilindi. Shuningdek, qarorda aholining tibbiy niqoblardan foydalanishi kerakligi belgilangan.

Xabarda ma’lum qilinishicha, Tojikistonda 1 fevraldan 30 aprelgacha qariyb 11 ming fuqaro karantinga olingan, ulardan 8,5 mingga yaqin kishi karantin muddatini o‘tab chiqqan. Ayni paytda esa mamlakat tibbiyot muassasalarida 2 mingdan ortiq kishi tibbiy nazorat ostiga olingan.