Karantin davrida Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi xizmat 20 apreldan to‘liq ishga tushdi, deya xabar qildi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.

Mazkur xizmat faoliyati Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatish xalqaro assotsiatsiyasi (Rossiya) hamkorligida yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan davr mobaynida ishlash uchun murojaat qilgan 400 nafarga yaqin fuqarodan 80 nafari ish bilan ta’minlandi.

Qayd etilishicha, salohiyatli ish beruvchilar va ishlash istagidagi xorijiy fuqarolar o‘rtasida aloqani ta’minlash uchun ko‘p tilli koll-sentr va tegishli ma’lumot kanallari yaratildi. Kanallarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar joylashtirilmoqda, koll-sentr savollarga javob beradi va ishga joylashish uchun arizalarni qabul qiladi.

Vazirlikning eslatib o‘tishicha, koronavirus tufayli 18 apreldan boshlab Rossiyadagi mehnat migrantlarining huquqlari kengaytirilgan: 15 iyungacha fuqaroligi, vizasi, ishlash uchun ruxsatnoma va patenti yo‘q shaxslar ro‘yxatga olingan joyidan qat’i nazar Rossiyaning istalgan joyida ishlashi mumkin. Bu bo‘yicha koronavirus infeksiyasi keng tarqalishi xavfi munosabati bilan Rossiya prezidentining tegishli farmoni ham qabul qilingan.

“Biroq, ushbu choralarga qaramay, rossiyalik ish beruvchilar iqtisodiyotning pasayishi va patentsiz ishchilar sababli ma’muriy jarimalar to‘lashning oldini olish uchun, chet el fuqarolarini ishga olishga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Shu o‘rinda ishchi migrantlar ham ishonchsiz ish beruvchilar tomonidan aldanib qolish ehtimolidan xavotirda”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlash joizki, 2020 yil 15 martgacha Rossiya Federatsiyasi migratsiya qonunlariga rioya qilgan va mamlakatda qonuniy bo‘lib turgan chet el fuqarolari ushbu xizmatdan foydalangan holda ish bilan ta’minlanish imkoniyatiga ega.

Hozirgi bosqichda axborot resurslarida asosan qadoqlash (fasovik), yuklarni joylashtirish (komplektovik) va qishloq xo‘jaligi sohalarida bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxati taqdim etilgan. Tekshirilgan bo‘sh ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Vazirlik shu va boshqa dolzarb xabarlar bilan tanishib borish uchun fuqarolardan quyidagi informatsion kanallarni kuzatib borishlarini so‘radi: